Mantiqiy matematika o‘qituvchisi, uch farzandning onasi Durdona Muhiddinova pandemiya davrida tavakkal qilib, o‘z mablag‘i va kredit hisobidan avtomaktab — “AutoLady"ni ochishga qaror qildi. Maktabning o‘ziga xosligi shundaki, u faqat xotin-qizlar uchun edi.
Durdona ayollar uchun haydovchilik maktabini ochish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani, maqsadli auditoriyaning bunday tanlovi mijozlar doirasini toraytirib qo‘yish yoki qo‘ymasligi, bir yilda o‘z aylanmasini qanday qilib uch barobarga oshirgani hamda nima uchun moslashuvchanlik va tezda ko‘nikish muhimligi haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.
Pandemiya davrida uyg‘ongan qiziqish
2020-yilning o‘rtalarida, karantin avjiga chiqqan paytlar, dugonam faqat ayollar uchun mo‘ljallangan avtomaktab ochishni taklif qilib qoldi. O‘sha paytda mamlakat bozorida bunday maktablar yo‘q edi. O‘rtog‘imning kichik qandolatchilik do‘koni bor edi, men esa umuman biznes bilan shug‘ullanib ko‘rmagan edim. Olti yil xususiy maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Lekin bu g‘oya menga yoqib qoldi va do‘stimni qo‘llab-quvvatladim.
Avtomaktab cheklovlar yumshatilgach, 2020-yilning kuzida ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi. Minimal investitsiya — 65 mln so‘m bilan boshlaganmiz, shundan 20 mlni shaxsiy hisobimizdan bo‘lsa, qolgani kredit mablag‘lari edi.
Pullarni binoni ijaraga olishga, uskunalar (trenajor, mashina skeleti), kompyuterlar, mebellar, qo‘llanmalar va boshqa o‘quv jihozlarini sotib olishga sarfladik. Avtomobillar soni esa faqat ikkita edi, u ham bo‘lsa o‘zimizning shaxsiy mashinalarimiz. Biz ularni qayta jihozladik va kerakli hujjatlarni rasmiylashtirdik. Shahar markazida joylashgan xususiy maktab binosidan umumiy maydoni 140 kvadrat metrdan ortiqni tashkil etuvchi ikkita xonani oyiga 3,9 mln so‘mga ijaraga oldik.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Yil oxirigacha hammasini tayyorlab, litsenziya olish uchun ariza topshirdik. Bu juda ko‘p resurslarni, ya’ni vaqt, kuch, asab va mablag‘larni talab qiluvchi eng qiyin bosqich edi. Murojaatni ko‘rib chiqishda aniqlangan kamchiliklarni bir necha bor tuzatdik. Ammo byurokratik kechikishlar ham bizni kutib turgandi.
Bu orada dugonam biznesni tark etishga qaror qildi. Biznesni boshlash biz uchun juda ham qiyin kechdi. Ko‘z yoshlari, tushunmovchiliklar, turli qarashlar va qo‘rquv ham bo‘ldi. Umuman, bu normal holat. Ba’zilar sabr va harakat qilishadi, ba’zilarga esa bu to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bilan, hamma narsa menga qoldi. O‘sha paytda hali ham xususiy maktabda ishlayotgandim, barchasini birga olib borish jismonan qiyin bo‘ldi.
Natijada faqatgina 2021-yilning fevraliga kelib litsenziya olishga erishdik va mart oyidan ishga tushdik.
Ochilishdan so‘ng yana yarim yilga xususiy maktab binosidagi ikkita o‘quv xonasini arzon narxda ijaraga olishda davom etdik. Dastlabki bosqichda jamoamiz bitta o‘qituvchi, ikkita instruktor va mendan iborat edi. Barcha bizneslarda bo‘lgani kabi boshida asosan bir nechta xodim majburiyatlarini bajarishimga to‘g‘ri kelgan. Bir vaqtning o‘zida ham menejer, ham ma’mur, ham instruktor va SMM-menejeri bo‘lganman.
“Sarafan radiosi"ga rahmat, u tufayli tanishlar, qo‘shnilar va qarindoshlardan iborat birinchi guruhni jalb qilishga erishdik. Shuningdek, aktrisa Feruza Yusupova bizda tahsil oldi, u “Instagram"da 520 mingdan ortiq abunachiga ega edi va biz uchun yaxshigina reklama bo‘ldi, mijozlar soni oshdi.
Mijozlar oqimi bilan birga kengayishni boshladik — yangi xodimlarni ishga jalb qildik, boshqa maktablardan 1 mln so‘mga o‘quv mashinalarini ijaraga oldik, shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar uchun maydonchaga 920 ming so‘m ijara haqi to‘lardik. Bir-ikki oydan so‘ng avtomobili bor ayollarni ishga ola boshladik. Ular o‘z mablag‘lari hisobidan instruktor sifatida o‘qib, sertifikatga ega bo‘lishdi, biz esa ularning mashinalarini kompaniya hisobidan qayta jihozladik.
Shu bilan birga, ular bizda ishlab, oylik maosh, avtomobil ijarasi va benzin uchun to‘lovlarni olishdi. Shu tariqa, biz nafaqat avtoparkimizni kengaytirdik, balki ish o‘rinlarini ham tashkil qildik. Bu tizim bugungi kunda ham amalda.
O‘qitish narxi dastlab 1,6 mln so‘m edi. Ishlab topilgan barcha mablag‘larni aylanmaga, ya’ni biznesni rivojlantirishga, jumladan, asbob-uskunalar xaridi va reklamaga sarfladim.
2021-yilning kuzida kichik inqiroz yuz berdi. Zudlik bilan xususiy maktabdan ijaraga olgan xonalarimizni bo‘shatishimiz kerak edi. Shartnoma yil oxirigacha bo‘lishiga qaramay, u yerdan ketishga va zudlik bilan yangi bino izlashimizga to‘g‘ri keldi. Yangi bino topib, ijaraga olganimizda esa bizni yopishga va litsenziyamizni olib qo‘yishga ham ulgurishdi.
Keyin hammasini boshidan boshlashimiz — maktabni barcha talablarga javob bergan holda jihozlashimiz kerak bo‘ldi. Bularning barchasi taxminan $3 mingga tushdi. Maktabni tayyor holga keltirganimizdan keyin yana litsenziya olish uchun ariza topshirdik.
Umuman olganda, 2021-yil, qiyinchiliklarga qaramay, muvaffaqiyatli bo‘ldi. Avtoparkda avtomobillar soni 10taga yetdi. Natijada, ularni boshqa haydovchilik maktablaridan ijaraga olishni to‘xtatdik. Qolaversa, pandemiya davrida ta’limning gibrid — onlayn va oflayn formati mavjudligi natijasida o‘quvchilar soni yanada ortdi. Bir yil ichida biz 24 kishidan iborat 9ta guruhni o‘qitdik va kompaniya aylanmasi qariyb 345 mln so‘mni tashkil etdi. Shu tariqa, 2021-yil oxiriga kelib foydaga chiqdik.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Tor doiraga mo‘ljallangan biznes
Nima uchun faqat qizlarga mo‘ljallangani haqida gapiradigan bo‘lsak. Birinchidan, boshida bu g‘oya bizga kelganida, bozor bo‘sh edi. Biz bozorda mavjud bo‘lmagan narsani qilishni xohladik. Ikkinchidan, madaniy kodimiz tufayli talab yuqori bo‘ladi, deb taxmin qildik. Shuningdek, an’anaviylaridan tubdan farq qiluvchi loyiha yaratmoqchi edik. Shaxsan o‘zim, har bir qiz o‘zini ishonchli va erkin his qiladigan muhit yaratishni xohlaganman.
Bizning holatda auditoriyaning torayishi o‘quvchilar soni va biznes rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi. Bu yo‘nalishda ish boshlamagunimcha qanchalik talab yuqori ekanligini tasavvur ham qila olmasdim. Biroq, ayrim ayollar bu kabi avtomaktablar ochilishini 10 yillab, 20 yillab kutishgan. Shu bois faoliyatimizning ikkinchi yili, ya’ni 2022-yilda maktabda 27ta guruh tashkil etilib, shunga mos ravishda tovar aylanmasi ham uch barobarga oshdi.
2022-yil oxiriga kelib bizning segmentimizda sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi — imtihon markazi xususiy sektorga o‘tdi, imtihon, amaliyot qiyinlashdi va o‘qish davri ham 4,5 oygacha uzaytirildi. Odamlar avtomaktablarga borishga qo‘rqib qolishdi. Shuningdek, maktablarning yangi talablarga muvofiqligi tekshirildi.
Natijada, 2023-yil boshiga kelib, ko‘plab avtomaktablar to‘xtab qoldi, chunki mijozlar yo‘q edi va ular bitta ham guruhni jalb qila olishmadi. Va bu vaqtga kelib birgina Toshkentning o‘zida 70dan ortiq maktab yopildi.
Biz esa bu inqirozdan omon qolgan kam sonli maktablardan biri bo‘ldik, chunki harakat qilishdan to‘xtamadik, tizimdagi va bozordagi o‘zgarishlarga tezda moslashishga harakat qildik. Nimadir ish bermasa, boshqasini sinab ko‘rdik, to‘xtamadik. Shu bois, 2023-yilda qiyinchiliklarga qaramay, 27ta guruhni jalb etishga va o‘zimizga to‘rtta “Nexia 3” mashinasini xarid qilishga muvaffaq bo‘ldik.
Agar xatarlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada juda omadli edim. Menda katta, ayniqsa moliyaviy yo‘qotishlar bo‘lmadi. Kichik muammolar bor edi: vijdonsiz yetkazib beruvchilarga duch keldim, tajribali avtomaktablar rahbarlari o‘z bilimlarini baham ko‘rishni xohlashmadi va hokazo. Xususiy maktabda bo‘lgani kabi ish jarayonida barchasini o‘zim o‘rganishim kerak edi. Yirik qismi erkaklar bo‘lgan infratuzilmaga qo‘shilish oson kechmadi. Biroq, tabiatimda bo‘lgani kabi, men maqsadliman, taslim bo‘lmayman va boshlagan ishimni oxiriga yetkazaman.
Foto: Ilya Semendeyev / Spot
Hozir qanday?
Hozircha biz Toshkentdagi qizlar uchun yagona avtomaktabmiz, ayrim maktablarda faqat qizlar uchun alohida guruhlar mavjud. Bizning maktabimiz eng yaxshilaridan biri — birinchi urinishda imtihondan o‘tish foizi yuqori — 80%dan ortiq. Ayni paytda o‘qish puli 3,2 mln so‘mni tashkil etadi.
Bizda 30dan ortiq xodimlar — instruktorlar, o‘qituvchilar, ma’murlar bor. Butun jamoa ayollardan iborat. Shubhasiz, haydovchi mahorati uning jinsi, yoshi va boshqa xususiyatlariga bog‘liq emas. Xuddi instruktor mahorati kabi. U doimo o‘z bilimini oshirib borishi, halol mehnat qilishi, mas’uliyatli bo‘lishi muhim. Instruktorlarimiz bu talablarga to‘liq javob berishadi, ammo yana bir afzalligi shundaki, ularning yonida o‘quvchilarimiz ham o‘zlarini qulay, erkin his qilishadi va o‘z mahoratlarini oshirishga to‘liq e’tibor qarata olishadi.
Hozir avtoparkda 24ta mashina bor, 4tasi o‘zimizniki, qolganlari instruktorlarning shaxsiy avtomobillari. Hozirgi binoyimiz — hisob bo‘yicha uchinchisi. Bu yerda butun bir binoni ijaraga olganmiz va yaqinda ta’mirlash ishlarini tugatdik. Biz eski shaharda joylashganmiz. Joylashuv maqsadli auditoriya tahlili asosida tanlangan — bunday maktablarga aynan mazkur tumanda talab yuqori.
Ta’lim ikki tilda — rus va o‘zbek tillarida olib boriladi va alohida-alohida guruhlarda qizlar o‘zlariga qulay bo‘lgan tilni tanlashlari mumkin. Hozir haydovchilik guvohnomasiga ega, lekin haydovchilik mahoratini oshirish istagidagi qizlar uchun uch kundan bir haftagacha bo‘lgan mini-kurslarimizni tashkil etdik. Bunda nafaqat amaliyot, balki nazariya ham mavjud. Unda o‘qituvchi, instruktor va hatto psixolog ham ishtirok etadi.
Amaliy qismdan tashqari, nazariy materiallar uchun doimiy xarajatlar mavjud. Masalan, 2023-yilda “Avtotest Report” har bir kishiga testlardan foydalanganlik uchun yiliga 10 mln so‘m, o‘quvchilarning testlardan alohida foydalanishlariga esa har bir guruh uchun yana 1,2 mln so‘m to‘lov qilishni nazarda tutuvchi tizim mavjud edi. Shuningdek, “Transkasb” kompaniyasi bilan o‘qituvchilar uchun onlayn platformadan foydalanish bo‘yicha yiliga 3,9 mln so‘mlik shartnoma tuzilgan.
Joriy yildan boshlab ushbu yaxlit tizim “my.gov.uz” bilan integratsiyalashgan yagona “e-avtotalim” portaliga o‘tkazildi. Endilikda yuqoridagi xarajatlar o‘rniga har bir talaba uchun 370 ming so‘m miqdorida pul to‘lash va platformadan foydalanish kifoya.
Bizning sohamizda o‘zgarishlar tez-tez sodir bo‘ladi, bu esa kompaniyalarning ularga moslashishini, ayniqsa moliyaviy jihatdan qiyinlashtirmoqda. Ba’zan shunday bo‘ladiki, haydovchilarni tayyorlash tizimi keskin o‘zgarib ketadi. Uch yillik faoliiyatimiz davomida barchasi shu qadar o‘zgardiki, hozir biz ilk ochilgan vaqtimizga nisbatan butunlay boshqacha ishlarni qilyapmiz.
Bu mazkur segmentdagi biznesning asosiy muammosi. Siz bu yili ushbu biznesga kirishingiz, lekin kelgusi yilda hammasi keskin o‘zgarib ketishi mumkin. Shuning uchun ham tezda moslashuvchanlik mazkur biznesda muvaffaqiyatga erishishning asosidir.
Kelgusi rejalar
Rejalarim — biznesimni rivojlantirish va o‘zimni tadbirkor sifatida tajribamni oshirish. O‘tgan yili YeTTB va TEAM universiteti tomonidan O‘zbekistondagi tadbirkor ayollar uchun tashkil etilgan “Moving Up” biznes-akselerator dasturida ishtirok etdim. Unda ko‘plab bilimlarga ega bo‘ldim va natijada biznesimni rivojlantirish bo‘yicha g‘oyalar paydo bo‘la boshladi. Loyiha sabab daromadni oshirish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligini tushundim.
Ayni paytda maktabda kuniga 12ta guruhni o‘qitish uchun yetarli bo‘lgan resurslar mavjud, lekin hozircha 5−6ta guruh o‘qishyapti. Shu bilan birga, ko‘proq o‘quvchi jalb qilishim uchun marketingni rivojlantirishim kerak. Bu borada menga YeTTB yordam beradi: ular kompaniya marketingini rivojlantirish xarajatlarining 85%ini qoplab beradi. Faqat 10 ming yevrogacha bo‘lgan chegara mavjud.
Keyinchalik nafaqat Toshkentda, balki mamlakatimizning boshqa shaharlarida ham filiallarimizni kengaytirmoqchiman. Shuningdek, mini-kurslar yo‘nalishini rivojlantirish, foydali variantlarni qo‘shish va yo‘llarimizda madaniyatni oshirishga hissa qo‘shishni rejalashtiryapmiz.