Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishni yaxshilash bo‘yicha qonun birinchi o‘qishda qabul qilgandi.
Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati noto‘g‘ri talqin qilinayotganini qayd etdi.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, mamlakat milliy qonunchiligida kredit va to‘lov tashkilotlari faoliyatida ikkilamchi iqtisodiy sanksiyalarning qo‘llanilishi bilan bog‘liq xatarlarni tartibga solish va nazorat qilishning huquqiy asoslari mavjud emas.
Har bir kredit va to‘lov tashkiloti o‘zining ehtiyoj va qarashlaridan kelib chiqib, o‘zi ma’qul ko‘rgan daraja va ko‘lamlarda mijozlarga cheklovlar qo‘ymoqda.
Bunday holatlar bank hisobvaraqlarini ochish va bank operatsiyalarini amalga oshirishda O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlariga subyektiv yondoshuvlarni hamda mijozlarning qonuniy huquqlari buzilishiga olib kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasida kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlarining iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishiga oid yagona talablarni belgilash vakolatini Markaziy bankiga berish nazarda tutilmoqda.
Bu bank sohasida davlat siyosati samaradorligini oshirishga, kredit va to‘lov tashkilotlarining mijozlar bilan ishlashda yagona yondashuv mexanizmini yaratishga hamda aholi va xalqaro moliya institutlarining mamlakat bank tizimiga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, mazkur qonun loyihasi hech qanday davlatga qarshi qaratilmaganligi ta’kidlangan. Loyihada nazarda tutilgan tartib xorijiy mamlakatlarda mavjud va u milliy moliya tashkilotlarining o‘zlariga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslikni belgilaydi.
Bungacha Xalqaro press klub mazkur qonun loyihasiga munosabat bildirib, “O‘zbekiston Rossiyaga qarshi moliyaviy sanksiyalarga qo‘shilishga qaror qildi”, deya qayd etgandi.