O‘tgan yil oxirida Buyuk Britaniya va Yaponiya iqtisodiyoti texnik inqirozga yuz tutdi. Bu haqda Amerikaning “CNBC” nashri xabar berdi.
Yaponiya iqtisodiyoti to‘rtinchi chorakda 0,4%ga qisqarib, natijada, ketma-ket ikkinchi choraklik kamayishni qayd etdi. Iqtisodchilar odatda bir moliyaviy yilda ketma-ket ikki chorak davomida YaIMning pasayishini texnik inqiroz deb atashadi.
Shu tariqa, Yaponiya dollar hisobida dunyodagi uchinchi iqtisod sifatidagi o‘z o‘rnini Germaniyaga bo‘shatib berdi.
Yaponiya iqtisodiyotining muammolari oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining oshishi bilan izohlanadi, bu esa xususiy iste’molning 0,2%ga qisqarishiga olib keldi.
Shu yilning yanvar oyida Yaponiya dengizidagi zilziladan keyin vaziyat yomonlashdi, chunki odamlar tabiiy ofatlar paytida o‘rinsiz pul sarflamaslikka harakat qilishadi.
Bundan tashqari, o‘tgan yil oxirida Buyuk Britaniya iqtisodiyoti 0,3%ga qisqardi. Qurilish sohasida — 1,3%, sanoatda — 1%, xizmat ko‘rsatish sohasida — 0,2% pasayish kuzatildi. Kalendar yilida YaIM minimal 0,1%ga oshdi.
Morgan Stanley investitsiya banki 2023-yilda Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun inqiroz yoki chegaradoshlik xavfi yuqori bo‘lishini prognoz qilgandi.