Joriy yilning 1-martidan Jizzax viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha yangi tariflar belgilanadi. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.
14-fevral kuni Xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi narxlar tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 1-martdan bir metr kub ichimlik suvi uchun quyidagi belgilangan tariflar amalda qo‘llaniladi:
- aholi uchun — 4 ming so‘m (amaldagi narxi — 2 500 so‘m);
- budjet tashkilotlari uchun — 6 ming so‘m (3 500 so‘m);
- ulgurji iste’molchilar uchun — 6 ming so‘m (3 500 so‘m).
Oqova suvi xizmati uchun:
- aholi uchun — 1 700 so‘m (amaldagi narx — 1000 so‘m);
- budjet tashkilotlari uchun — 2 500 so‘m (1 500 so‘m);
- ulgurji iste’molchilar uchun — 2 500 so‘m (1 500 so‘m).
Bunda taklif etilayotgan barcha narxlar QQSsiz hisoblangan.
Qayd etilishicha, keyingi besh yilda viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 70,4%dan 90%ga, kanalizatsiya qamrovi 15,5%dan 71,2%ga yetkaziladi.
Buning uchun 402,1 mlrd so‘mga, 878,3 kilometr ichimlik suvi va 461 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, shuningdek, 167ta suv va 30ta kanalizatsiya inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq,20-fevraldan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlariga yangi narxlar belgilanishi haqida xabar berilgandi. Bu o‘tgan yilning 20-avgustidan viloyatda belgilangan narxlardan keyingi ikkinchi marotaba oshirilishi bo‘lmoqda.
2023-yilning 1-avgustidan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida narxlarning yangi tarifi joriy etildi. Shuningdek, Xorazm, Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida ham ichimlik va oqova suv xizmatlari narxiga yangi tariflar belgilandi.
9-dekabrdan Toshkent shahrida, 15-dekabrdan esa Sirdaryo viloyatida ichimlik va oqova suv narxining yangi tariflari joriy qilindi.
Shuningdek, Qashqadaryoda ikkinchi marotaba tariflarga o‘zgartirishlar kiritildi. 15-yanvardan Qoraqalpog‘iston hamda Buxoroda ham ichimlik va oqova suv narxlari oshirildi.
2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.