O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatiladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
17-fevral kuni soat 18:03da kuchli shamol natijasida Buxoro viloyatidagi 110 kV kuchlanishli “L-Gazli-1”, “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelgan.
Natijada “Gazli” magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli bir nechta gaz haydash agregatlari faoliyatida qisqa muddatli uzilish kuzatilmoqda. Nosozlik 2−3 soat ichida bartaraf etilib, gaz haydash agregatlari faoliyati to‘liq tiklanadi.
Bu vaqt oralig‘ida mamlakatning janubiy qismiga yo‘naltiriladigan tabiiy gaz hajmi biroz qisqarishi hamda magistral gaz quvurlarida bosimning nisbatan pasayishi yuzaga kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida ayrim AGTKShlar faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, bir qator issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining pasayishi kuzatilishi sabab, mamlakatning ba’zi bir hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatiladi.
Gaz haydash agregatlari ishga tushgach, tegishli hududlarda kiritilayotgan cheklovlar bo‘yicha hududiy tashkilotlar tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilib, reja-grafiklar e’lon qilinadi.
2023-yilning 1-dekabridan energetika tizimi 24 soatlik ish rejimiga o‘tgandi. Prezident ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.