16-fevral kuni “Uzbekistan Airways” tarkibiga kiruvchi “Silk Avia” aviakompaniyasining yangi ATR 72−600 samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi ATR 72−600 samolyoti Tuluzadagi (Fransiya) ATR zavodidan poytaxt aeroportiga, Istanbulda (Turkiya) texnik to‘xtashni amalga oshirib, yetib keldi.
Yaqin kunlarda samolyot aviakompaniya maxsus livreyasiga bo‘yalgach muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.
“Silk Avia” kompaniyasi 2021-yilning sentabr oyida ro‘yxatga olingan. 2022-yilning aprelida prezident mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan mazkur aviakompaniyani tashkil etilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Oktabr oyiga kelib esa kompaniya 10ta samolyot xarid qilishi ma’lum bo‘ldi. Dekabrda birinchi samolyoti texnik qabuldan o‘tdi.
Aviakompaniya joriy yilning 25-aprelidan O‘zbekiston shaharlariga muntazam qatnovlarni boshladi. 1-iyundan yangi mahalliy yo‘nalishlarga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.
Avgustda yo‘lovchilar sonining kamligi sabab Nukusga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Shu oyda aviakompaniya Issiqko‘lga birinchi xalqaro reysni amalga oshira boshladi. Oktabrdan Samarqanddan Qozog‘istonning Turkiston shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.
Avvalroq prezident “Silk Avia” kompaniyasi ustav kapitalidagi “Uzbekistan Airports"ning 100% ulushini “Uzbekistan Airways” tarkibidagi “Uzbekistan Helicopters” ustav kapitaliga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgandi.