Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakat hududlarida havo haroratining pasayishi natijasida magistral gaz quvurlarida bosimning kamayishi holatlari kuzatilmoqda.

Shundan kelib chiqib, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida mamlakatdagi barcha AGTKShlar faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda.

Mazkur cheklovlarni hisobga olgan holda mamlakatdagi barcha benzin “zapravka"larga benzin mahsulotlarini qo‘shimcha miqdorlarda yetkazib berilishi ta’minlanadi.

Vazirlik vaziyat barqarorlashgungacha imkoni boricha tejamkorlikka rioya qilishni so‘ramoqda. AGTKShlar faoliyatida o‘zgarishlar kuzatilsa, qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.

Avvalroq 18-fevraldan Buxoro viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi ma’lum qilingandi.

Undan keyin bir qator issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining pasayishi kuzatilishi sabab, mamlakatning ba’zi bir hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatilishi belgilandi.