13-fevral kuni savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tadbirkorlari bilan uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Soliq kodeksining 227/1-moddasi bo‘yicha to‘liq masala hukumat darajasida yechilganini, yaqin kunlarda yaxshi xabarlar bo‘lishini qayd etdi.

Xususan, mazkur moddada nazarda tutilgan jarima miqdori 50 barobar kamaytiriladi. Oldin bu choraklik sof tushumni tashkil etgan bo‘lsa, endi jarima mazkur summaning 2%ini tashkil qiladi.

O‘tgan yil oxirida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev 227/1-moddasiga asosan 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish (amnistiya)ni hamda jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.


227/1 qanday modda?

Mazkur moddada quyidagi talablar ko‘rib chiqiladi:

  • fiskal belgilar yoki avtomatlashtirilgan o‘lchash asboblari bilan jihozlarni ko‘rsatish;
  • soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash;
  • ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya qilish yo‘li bilan majburiy raqamli markalash qoidalarini buzish.

Ushbu talablarning buzilishi oxirgi chorakda olingan sof daromadga teng jarimaga olib keladi.


Iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, kiritilgan o‘zgartirishlardan xursand bo‘lishga hali erta, chunki biznesni “o‘qqa tutuvchi” 227/1-moddasi bo‘yicha jazoni yengillashtirishmas, balki uni bekor qilish yoki to‘xtatib turish zarur.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, Soliq kodeksining bu moddasida jarima miqdorini oxirgi chorakdagi sof tushumga bog‘lash tamoyili saqlanib qolgan.

“OAV va ko‘pgina tadbirkorlar „kichik“ nyuansni sezmay qolishdi. Ushbu moddaga muvofiq, ikkinchi qoidabuzarlik uchun jarima xuddi shu choraklik aylanmaning 50%ini tashkil qiladi. Ya’ni, modda oldin biznesni qanday „o‘qqa tutuvchi“ bo‘lgan bo‘lsa, hali ham shundayligicha qoldi. Har choraklik aylanmaning 50%ini olish ko‘pchilik korxonalarning tobutini tayyor qilish deganidir”, — deydi u.

Yusupovning qayd etishicha, 227/1-moddasining amal qilishi o‘zboshimchalik va korrupsiya uchun imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, tadbirkorlarga choraklik aylanmaga bog‘liq bo‘lgan potensial jarima miqdorini kamaytirish uchun biznesini parchalash va daromadlarini yashirish zarurligi haqida signal beradi.

Biznes munosabati

“Igmar Apart Hotel” va “Maqom Bar” hammuassisi Marina Ten butun dunyoda ko‘plab maxsus ichki hisob dasturlari qo‘llanilishini ta’kidlaydi. Biroq, biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish dasturlarini soliq organlari tizimlari bilan integratsiyalash talabi ilojsiz va mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

U Soliq kodeksining 227/1-moddasini monopoliyaga qarshi qonunchilik va tadbirkorlik erkinligi kafolatlari to‘g‘risidagi qonunga muvofiqligini tekshirishni taklif qildi.

“Agar 227/1-modda tom ma’noda o‘qilsa, hisob dasturidan foydalanmaydiganlarni integratsiyaga majburlab bo‘lmaydi, chunki tadbirkorning hisob dasturiga ega bo‘lishi shartligi hech qanday qonun hujjatlarida belgilanmagan. Ya’ni tadbirkorga go‘yo hamma narsani qog‘ozga yozib qo‘yish foydaliroqdek”, — dedi u.

Marina Ten 227/1-modda bo‘yicha yuqori jarimalar korrupsiyaga olib kelishi va sof daromad (yoki aylanma) bilan bog‘lash mantiqsiz ekanligiga e’tibor qaratadi, chunki ko‘proq soliq to‘lovchi korxonalar kattaroq jarima to‘lashga majbur bo‘lishadi.

Uning ta’kidlashicha, Soliq qo‘mitasining O‘zbekiston iqtisodiyotini “oqqa chiqarish"dan ko‘zlagan maqsadlari tushunarli. Biroq, soliq islohotidan so‘ng xizmat ko‘rsatish sohasi katta zarar ko‘rdi, QQS esa xizmat ko‘rsatish sohasi uchun aylanmadan olinadigan soliqqa aylanib, yechib bo‘lmas masalaga bo‘ldi. Kompaniyalar o‘sishini rag‘batlantirish uchun u xizmat ko‘rsatish sohasida aholi bandligi yuqoriligini hisobga olib, QQS to‘lashga o‘tish chegarasini hozirgi 1 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mgacha oshirishni taklif qilmoqda.

Fast-fud tarmog‘i asoschisi Xayrulla 227/1-modda bo‘yicha sudda ikkita ishda g‘alaba qozonganini “Spot"ga ma’lum qilib, buning uchun biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov va Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘i No‘mon Muhammadiyevga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u naqd pulda yetkazib berish uchun to‘lovni amalga oshirishda cheklarni fiskalizatsiya qilish muammosi bilan bog‘liq jarimani sudga da’vo qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, chunki chek buyurtma uchun pul olinganidan keyin chiqariladi.

Yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi rais Sherzod Qudbiyev oziq-ovqat yetkazib berish bilan bog‘liq barcha sud ishlari to‘xtatilishini aytib, cheklarni fiskalizatsiya qilish masalasini tez orada hal etishni va’da berdi.

Tadbirkor Soliq kodeksidan 227/1-moddani to‘liq chiqarib tashlash yoki jarima miqdorini choraklik sof tushumga bog‘lamagan holda aniqlashtirish yo‘nalishida tubdan qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, u umumiy ovqatlanish korxonalariga faqat mijozning iltimosiga binoan chekni berish tashabbusi bilan chiqdi. Bu chek chiqqinucha xaridor restoranni tark etishi va o‘sha paytda soliq tekshiruvi kelishi holatlarini bartaraf etadi.

Xayrulla 227/1-moddasini ikki tomonlama tushunish muammosiga ishora qilib, bu sud ishlariga olib kelishini ta’kidladi. Ba’zi qoidalar bir-biriga qarama qarshi, shuningdek, ichki hisob tizimlarini birlashtirish tartibi to‘g‘risida tushuncha yo‘q, deya xulosa qiladi u.

“227/1-modda teskari effektga olib keldi. “Soya"dan chiqish o‘rniga, aksi bo‘ldi. Hamma parchalanish yo‘li bilan “soya"ga kirishi mumkin, chunki to‘liq O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq ishlayotgan tadbirkorga birinchi qoidabuzarlik uchun tushumning hatto 2%i ham juda katta miqdor hisoblanadi. Bu 2% daromad korxonalar, ayniqsa, tarmoqlilarni falaj ahvolga olib kelishi mumkin”, — deya ta’kidlaydi tadbirkor.

Bundan tashqari, u QQSga o‘tish chegarasini besh baravarga — 5 mlrd so‘mgacha oshirishni, xodimni yollashda uning birinchi ish kuni uchun bir martalik to‘lovni joriy etishni va ishga joylashgandan bir oy o‘tgach daromad solig‘i miqdorini 8%ga kamaytirishni, aylanma soliqni belgilangan stavka bo‘yicha 2−3% etib belgilashni taklif qiladi.

O‘zbekiston restoratorlar va mehmonxonalar uyushmasi raisi, “Caravan Group” asoschisi Timur Musin umumiy ovqatlanishni ish o‘rinlari yaratish dastgohi deb ataydi, unda rasman 350 mingga yaqin xodim ishlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 227/1-moddasi, QQS va boshqa soliq talablarini joriy etish orqali soliq yukining oshishi restoran biznesi faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda, bu esa tegishli sohalardagi ko‘plab odamlar — oshpazlar va ofitsiantlardan tortib marketologlar va musiqachilarni ish bilan ta’minlaydi.

Restoratorning ta’kidlashicha, agar “oqda” mehnat qilib, barcha soliqlar muntazam to‘lansa, u holda umumiy ovqatlanish zarar keltiruvchi biznes bo‘ladi, chunki restoranlar uchun QQS daromad solig‘idan aylanma soliqqa aylanadi. Shuning uchun umumiy ovqatlanish korxonalarining 15%dan kamrog‘i QQS to‘laydi.

Jahon amaliyotiga ko‘ra, ko‘plab rivojlangan mamlakatlar hukumatlari turizm industriyasini rivojlantirish muhimligini hisobga olgan holda umumiy ovqatlanish, mehmonxonalar, oziq-ovqat mahsulotlari, kitoblar, dori-darmonlar va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalari ishlab chiqaruvchilari uchun QQSning pasaytirilgan stavkalarini o‘rnatishgan.

Timur Musin turizm sohasiga salbiy ta’sirni bartaraf etish maqsadida umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQS stavkasini ikki barobarga — amaldagi 12%dan 6%ga kamaytirishni ko‘rib chiqishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.


227/1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yilning 11-martida kiritilgan va tasdiqlanganidan keyin uch oy o‘tib, 13-iyundan kuchga kirdi. Soliq qo‘mitasining “Spot"ga xabar berishicha, o‘tgan yili mazkur modda bo‘yicha 254ta, joriy yilda esa 1083ta korxona jarimaga tortilgan.

Bugungi kunda alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, suv va ichimliklar, dori-darmon, maishiy texnika, 2024-yilning 1-aprelidan esa gazlangan ichimliklar majburiy markirovka qilinishi shart. Mazkur me’yorlar umumiy ovqatlanish sektoriga, chakana va ulgurji savdoga, shuningdek, ishlab chiqaruvchilarga taalluqli.