Joriy yilning 18-martidan O‘zbekistonda “CloudPayments” o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda kompaniyaning mahalliy saytida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, kompaniya buni “bozor konyunkturasining o‘zgarishi” bilan izohlab, tizim “faoliyatini to‘xtatishga majbur”, ekanligini qayd etgan.
“Bozor konyunkturasining o‘zgarishi munosabati bilan biz 18-martdan O‘zbekistondagi „CloudPayments“ faoliyatini to‘xtatishga majburmiz. Tushunganingiz uchun rahmat”, deyiladi xabarda.
“CloudPayments” internet-ekvayring xizmati 2014-yilda yaratilgan. U mijozlarga “Visa”, “Mastercard” va “MIR” kartalaridan veb-saytlar va ilovalarga tezkor onlayn to‘lovlarni ulash hamda havola yoki QR-kodlar orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
2017-yilda “TCS Group Holding” (uning tarkibiga “Tinkoff Bank” va “Tinkoff Global” kiradi) “CloudPayments” aksiyalarining 55% nazorat paketini sotib oldi va buning uchun 290 mln rubl to‘ladi. Xizmat o‘z brendi ostida ishlashda davom etdi.
2022-yilning aprelida “Tinkoff Global” “CloudPayments” savdo belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgani ma’lum bo‘lgandi.
Avvalroq Markaziy bank yanvar oyida bitta bank va bitta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagani haqida xabar berilgandi.