Joriy yilning 12-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “O‘zbekneftgaz"ga birja savdolariga qo‘yilayotgan dizel yonilg‘isi narxini 15%ga pasaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi.
Undan keyin kompaniya boshqaruvi raisi Bahodir Siddiqov mazkur mahsulot narxini pasaytirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Buxoro zavodida sintetik dizel yonilg‘isi komponentini kompaundlash orqali ishlab chiqarilgan dizel yonilg‘isining narxlari EKO dizel yonilg‘isi narxiga nisbatan 15%ga arzonlashtirildi.
Kompaniya matbuot xizmatining xabar berishicha, dizel narxini pasaytirish ishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni iqtisodiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgan.
19-fevraldan kompaniyaga qarashli barcha neft baza omborlaridan YEVRO-5 SSDF rusumli dizel yonilg‘isi bir tonnasi 11 mln 608 ming 190 so‘mdan arzonlashtirilgan narxlarda birja savdolariga joylashtirildi.
Avvalroq “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi dizelning vaqtida yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida yangicha tartib o‘rnatilishini qayd etgandi.
Mazkur tartib orqali hududlar kesimida “O‘zbekneftgaz” markaziy apparati, neft bazalari hamda fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi yoqilg‘i quyish shoxobchalari kesimida ularning mas’uliyati belgilab beriladi.
Bundan tashqari, fermerlarga qulaylik yaratish, savol va murojaat hamda takliflarni qabul qilish maqsadida “UNG_Fermer” “Telegram” guruhi tashkil etildi. Unga havola orqali ulanish mumkin.