Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni hududlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu haqda shu yil yanvarda makroiqtisodiy barqarorlik tahlili bo‘yicha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgandi. Unga ko‘ra, hududlarda ishga solinmagan qo‘shimcha imkoniyatlar, tadbirkorlarning muammo va takliflari o‘rganildi.

Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor kanaliga qo‘shimcha nasos va lotoklar o‘rnatish orqali Qarshi tumanida 600 gektar yerni o‘zlashtirish mumkin. Bu kastor loviyasi yetishtirib, uning moyini ishlab chiqarish, 1 400 kishining bandligini ta’minlash imkonini beradi.

Ayrim sanoat zonalarida infratuzilma quvvatini yaxshilash zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda joriy yilda budjetdan 1,5 trln so‘m ajratilishi belgilangan. Natijasida mazkur zonalarning jozibadorligi oshib, korxonalar faoliyati kengayadi va ish o‘rinlari ko‘payadi.

Sanoat korxonalariga yaqin bo‘sh maydonlarda quyosh panellari o‘rnatib, ularga qo‘shimcha energiya yetkazib berish hamda tizimdagi yuklamani yengillatish imkoniyati mavjud.

Prezident farmon va qarorlari bilan taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari korxonalar faoliyatiga ijobiy ta’sir qilgani qayd etildi. Masalan, tekstil uchun bo‘yoq importida bojxona imtiyozi qo‘llanilgani hisobiga trikotaj mato, ko‘ylak, kostyum-shim tannarxi arzonlashgan.

Taqdimotda bu imtiyozlar muddatini uzaytirish orqali erishilgan natijalarni mustahkamlash maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, tegishli me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilarga barcha 208ta tuman va shaharning “o‘sish nuqtalari"ni aniqlash, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Andijon tumanida 218 gektar maydonda Ipak yo‘li erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.