Joriy yilning avgust oyida Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi majmuasi qurilishi boshlanadi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Qayrat To‘rebayev boshchiligidagi delegatsiya mamlakatda bo‘lib, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xurram Teshabayev, Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyevlar bilan mazkur loyihani muhokama qildi.
Sanoat kooperatsiyasi markazi Qozog‘istonning Turkiston va O‘zbekistonning Sirdaryo tumanida qariyb 100 gektar maydonda tashkil etiladi.
Xususan, loyiha doirasida yopiq majmua qurilib, ishlab chiqarish va ulgurji savdo uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Markazda ishlab chiqarilgan mahsulotlar har ikki davlat bozorlari hamda uchinchi mamlakatlarga ham eksport qilinadi. Natijada, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi $10 mlrdga yetishi kutilmoqda.
2030-yilda majmua to‘liq ishga tushirilishi va tijorat maqsadlarida foydalanishga topshirilishi belgilangan.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi Turkiston va Sirdaryoga chegaradosh viloyatlarni ham yirik logistika markaziga aylantirishi qayd etilgan. Tomonlar qo‘shma hujjat imzolab, o‘z hududlarida kuzatuvni kuchaytirishga kelishishdi.
“Markaziy Osiyo” transchegaraviy sanoat kooperatsiyasi markazi loyihasi 2021-yilning dekabrida e’lon qilingandi. Biroz vaqt o‘tgach, Qozog‘iston Savdo vazirligi uning asosiy maqsadi qo‘shma sanoat tashabbuslarini amalga oshirish ekanligini qayd etdi.
2023-yilning noyabriga kelib tomonlar sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini tartibga solishga qaratilgan hujjatni imzoladi. Markaz ikki davlat o‘rtasida sanoat hamkorligini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi vazifalarni belgilab beradi.
Joriy yilning yanvarida markaz faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatlaridan kelib chiqib, uni tashkil etish va foydalanishga topshirishni tezlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi.