17-fevral kuni xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha choralar to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan, yoshlarga o‘qish hamda sertifikat olish xarajatlari uchun beriladigan kompensatsiya miqdori oshiriladi. 1-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish sohasida kadrlar tayyorlash to‘g‘risidagi qarorida to‘lovlarni miqdorini oshirish to‘g‘risida farmoyish bergandi.
Yuqoridagi qaror bilan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 1-martdan xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qishi hamda sertifikatlarni olishga sarflangan xarajatlarining 60%gacha bo‘lgan qismini qoplab berish tartibi belgilandi.
Shu bilan birga, ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lganlarning professional darajadagi xalqaro IT-sertifikatlarni olish hamda o‘qish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi belgilandi.
Xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha Yagona portal orqali elektron ariza jo‘natish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, vakolatli organ tomonidan mamlakatda talab yuqori bo‘lgan xalqaro IT-sertifikatlar tasdiqlanishi belgilandi.
Bunda mazkur sertifikatlarni taqdim etuvchi kompaniyalar ro‘yxati “Global Knowledge” kompaniyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan har yili shakllantiriladigan xalqaro IT-sertifikatlar ro‘yxatidan kelib chiqib, ehtiyojlar o‘rgangan holda tasdiqlanadi.
Xalqaro IT-sertifikatlar boshlang‘ich darajada bo‘lganida 30%, o‘rta darajada — 40% hamda professional daraja uchun 60% miqdorida sarflangan xarajatlar qoplab beriladi.
Nomzod sertifikatning elektron variantini, kursni tugatganligi haqidagi hujjatlarni va imtihon to‘lovi kvitansiyasini taqdim etishi shart. 16 yoshga to‘lmaganlar esa ota-onalari yoki vasiylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishlari kerak.
Ariza sertifikat berilgan kundan boshlab 180 kalendar kundan kechiktirilmay topshirilsa, kompensatsiya taqdim etiladi.
Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi taqdim etilgan hujjatlarni 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Tushunmovchiliklar yuzaga kelganda, markaz sertifikat bergan tashkilotga so‘rovlar yuboradi (hujjatlar topshirilgan kundan boshlab 30 kalendar kungacha).
Hujjat tasdiqlanganidan keyin markaz Raqamli texnologiyalar vazirligiga uch ish kuni ichida to‘lov bo‘yicha tavsiyanoma beradi. Vazirlik tavsiyanomalarni o‘n kun ichida belgilab oladi, shundan so‘ng markaz mablag‘ni 5 kundan kechiktirmay qoplab beradi.