19-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlar hamda kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi haqida axborot berildi. Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi loyihaning umumiy qiymati — $205 mlndan ortiq.
Loyiha 6 yil davomida amalga oshirilib, mablag‘lar o‘rmonlar hududini kengaytirish, o‘rmon xo‘jaliklari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi maqsadlarga yo‘naltiriladi.
O‘rmonlarni tiklash va muhofaza qilishda innovatsion boshqaruv tizimi va IT joriy qilinadi. Degradatsiyaga uchragan o‘rmon yerlari tiklanadi. Chegaradosh hududlardagi landshaftni tiklash bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik rivojlantiriladi.
Natijada, 175 ming gektar o‘rmonlar va 38 ming gektar yaylovlarni qayta tiklash, 19 ming gektarda agroo‘rmon va 5 ming gektarda sanoatbop o‘rmonlar barpo etish, 63 kilometr eko yo‘laklar tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
4-yanvarda prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan farmoni qabul qilingandi. Taqdimotda mazkur farmon ijrosi doirasida qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Mamlakatda yiliga o‘rtacha 6,8 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. So‘nggi yillarda sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olingan mahallalar soni 90%dan oshdi. Lekin chiqindilarni qayta ishlash darajasi yuqori emasligi va hozirda bunday korxonalar 313ta ekani ta’kidlandi.
Prezident farmonida bunday faoliyatni yanada rag‘batlantirish choralari belgilangan. Jumladan, 1-iyundan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi.
Chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi. Chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash sohasida xususiy sheriklik rivojlantiriladi.
Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlik uchun jarima miqdorini oshirish, chiqindi tashlab ketilgan joyni tozalash va olib chiqib ketish majburiyatini belgilash choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, taqdimotda maishiy chiqindi poligonlarini optimizatsiya qilish, chiqindilardan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, quyidagilarni o‘z ichiga olgan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi:
- chiqindi poligonlarini investitsiyalar kiritishga jozibador qilish uchun ularning bufer hududlariga maxsus iqtisodiy zonalar rejimini joriy etish;
- chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi hamda organik usulda o‘g‘itlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish.
Ushbu yangi tizim bo‘yicha birinchi pilot loyiha Andijon viloyatida amalga oshiriladi.
Andijon tumanida $13 mln investitsiya evaziga organik chiqindidan 100 ming tonna o‘g‘it, Asakada chiqindidan yiliga 2 mln kilovatt soat elektr ishlab chiqaradigan loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Kelgusida Andijon tajribasi mamlakatning boshqa hududlarida ham tatbiq etiladi.
2023-yilning oktabrida maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.
Bundan tashqari, Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanida maishiy chiqindilarni saralash yo‘lga qo‘yiladi.