Yevrokomissiya “Apple"ni Yevropa Ittifoqining musiqa strimingi bozoridagi mavqeini suiiste’mol qilgani uchun 500 mln yevro miqdorida jarimaga tortishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Financial Times”.

Regulyatorlar korporatsiya “App Store"dan o‘z xizmatlarini raqobatchilarnikidan ustun qo‘yish uchun foydalanganmi yoki yo‘qligini aniqlashi kerak bo‘ladi.

Yevrokomissiya “Apple” iPhone foydalanuvchilarini o‘z ilovalari do‘konidan tashqari musiqa obunalariga kirishning arzonroq muqobillari haqida xabardor qilish imkoniyatini cheklagan deb gumon qilmoqda.

Qayd etilishicha, tekshiruv “Spotify” 2019-yilda shikoyat qilganidan keyin boshlangan.

Yevrokomissiya “Apple” harakatlari noqonuniy ekanligini va bozorda raqobatni ta’minlaydigan Yevropa Ittifoqi qoidalariga zid ekanligini e’lon qilishi kerak, deb ta’kidlaydi “Financial Times”.

Ta’kidlanishicha, komissiya kompaniyaning “App Store” do‘konidan tashqaridagi foydalanuvchilarga arzonroq muqobillarga o‘tish imkonini beruvchi musiqa xizmatlarini bloklash amaliyotini taqiqlaydi.

Bryussel “Apple"ni o‘z mavqeini suiiste’mol qilganlikda va boshqa kompaniyalarga nisbatan raqobatga qarshi ishbilarmonlik amaliyotini qo‘llashda ayblashi mumkin, deydi manbalar.

Jarima Yevropa Ittifoqidagi yirik texnologiya kompaniyalariga qo‘yiladigan eng yirik jarimalardan biri bo‘ladi.

Ilgari, Yevrokomissiya hech qachon “Apple"ni monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganligi uchun jarimaga tortmagan.

Biroq, 2020-yilda raqobatga qarshi amaliyotlar uchun Fransiyadagi korporatsiyadan 1,1 mlrd yevro undirilishi rejalashtirilgandi. Apellyatsiyadan so‘ng jarima miqdori 372 mln yevrogacha kamaytirildi.


Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi “TikTok” ijtimoiy tarmog‘i ustidan tergov boshlagani haqida yozgandi.

Tergov platforma voyaga yetmaganlarni zararli kontentdan himoya qilish uchun yetarlicha harakat qilayotgani yoki yo‘qligini tekshirish bo‘yicha o‘tkaziladi.