“LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi Toshkent va Varshavani muntazam havo qatnovlari bilan bog‘lamoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent — Varshava — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari Boeing 737 MAX 8 samolyotlarida amalga oshiriladi. Birinchi yo‘lovchi reysi 14-martga belgilangan.
Parvoz jadvali (mahalliy vaqt bilan):
- Varshavadan jo‘nab ketish — 22:55, Toshkentga kelish — 09:00 (keyingi kunga o‘tish bilan);
- Toshkentdan jo‘nab ketish — 10:20, Varshavaga kelish — 01:05 (keyingi kunga o‘tish bilan).
Xabar e’lon qilingan vaqtda bagajsiz bir tomonlama chipta narxi 2,85 mln so‘mdan, qaytish chiptasi esa 7,16 mln so‘mdan boshlanadi.
Shuningdek, aviatashuvchi aprel va may oylarida qo‘shimcha parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Mazkur reys haftaning seshanba kuni Varshava — Toshkent yo‘nalishida, qaytish esa chorshanba kuni amalga oshiriladi.
2023-yil boshida “LOT Polish Airlines” Varshava-Toshkent yo‘nalishida charter reysni amalga oshirishi ma’lum bo‘lgandi. Martga kelib, birinchi yo‘lovchi charter reysini amalga oshirishi haqida xabar berildi.
Avgust oyida “O‘zaviatsiya” agentligi aviatashuvchiga mamlakatga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat berdi. Yil oxirida esa aviakompaniyaning 2024-yilgi parvoz rejalari ma’lum qilindi.
“LOT Polish Airlines” — shtab-kvartirasi Varshavada joylashgan Polsha aviakompaniyasi. Aviakompaniya dunyodagi qadimgi, yirik va vakillari ko‘p alyans — “Star Alliance” a’zosi hisoblanadi.