1-oktabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish joriy etiladi. Bu haqda prezident huzurida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini kengaytirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Bunda, birinchi navbatda “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlari jamg‘armalari, keyinchalik bosqichma-bosqich 74 turdagi ijtimoiy nafaqa va yordamlar o‘tkaziladi.
Shuningdek, mazkur karta orqali transport va kommunal sohalardagi imtiyozlardan ham foydalanish mumkin bo‘ladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida ehtiyojmand toifani belgilash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqilib, qanday yordamga muhtojligi aniq belgilab beriladi.
Shu bilan birga har bir muhtoj fuqaro bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi bo‘ladi. Mahalladagi “yettilik” uchun ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha yagona savolnoma joriy qilinadi.
Mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari hokimlar va sektor rahbarlari mahallada o‘tkazayotgan qabullar ham o‘zgarishi kerakligi, qabullarda mahalla “yettiligi” ko‘targan eng og‘ir masalalarning yechimi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligiga viloyat hokimlari bilan birga barcha mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini tashkil qilish topshirildi.
Protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz deb e’tirof etish kabi 49ta ijtimoiy xizmat mahallagacha tushirilishi belgilandi.
Shuningdek, mahallada ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishlab chiqiladi.
Avvalroq “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan yordamlarni oilaning ijtimoiy ahvolini individual baholash asosida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.