Avvalroq prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda nogironligi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingani haqida xabar berilgandi.

Mutasaddilarga madaniy meros, muzey va konsert-tomosha obyektida ularga qulay sharoitlarni yaratish, mehmonxonalardagi o‘rinlarni nogironligi borlarga moslashtirish topshirildi.

Nogironligi bor sayyohlar uchun transport, mehmonxona, madaniyat obyektlari va ziyoratgohlarga haftalik va oylik maxsus chegirmalar berish grafigi tasdiqlanadi.

Xodimlarining 50%ida nogironlik bo‘lgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati beriladi. Bunday odamlarni ishga olgan korxonalarga tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ball beriladi.

Nogironligi bo‘lganlarni kasbga tayyorlaydigan 4ta ixtisoslashgan maktabni tarmoq rahbarlari otaliqqa oladi. Bu maktab o‘quvchilariga ishlab chiqargan mahsulotini davlat xaridlari doirasida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida monomarkazlarda nogironligi bo‘lganlar ta’lim olishi uchun qulay muhit va zarur infratuzilmani yaratib, ularga stipendiya to‘lash tartibini joriy qilish topshirildi.

Nogironligi borlar kasanachilik va hunarmandchilik asosida yaratgan mahsulotlarini elektron platforma orqali sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Vazirlik va hudud rahbarlariga yil yakunigacha barcha budjet tashkilotlariga 20 ming nafar, banklarga kamida 1 ming nafar nogironligi borlarni ishga qabul qilish topshirildi.

Imkoniyati cheklangan bolalar boradigan 112ta maktab va 74ta bog‘chadagi ta’lim dasturini qayta ko‘rib chiqish, maktablarni inklyuziv ta’limga moslashtirish dasturini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Nogironligi bo‘lganlar uchun Sportni rivojlantirish assotsiatsiyasi tashkil etiladi. Paralimpiya qo‘mitasi, tegishli sport federatsiyalari, O‘zbekiston maxsus olimpiadasi Assotsiatsiya tarkibiga kiradi.

O‘tgan yilning mayida davlat rahbari “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirilishi ma’lum qilgandi. Iyulga kelib hukumat tomonidan dastur ishtirokchilariga imtiyozlar qo‘llash tartibini tasdiqlandi.

Loyiha doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz beriladi. Fevral oyi boshida Senatda mazkur qonun qabul qilingandi.