Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Unda viloyat va tuman hokimlari ularga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan yetarlicha shug‘ullanamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Ayrim vazirlik, idoralar va viloyat hokimliklarda nogironligi bo‘lgan birorta odam ishga olinmagani tanqid qilindi. 500 mingdan ortiq korxona va tashkilotning bor-yo‘g‘i 43 mingtasida nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlaydi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda protez ishlab chiqarish 90-yillar texnologiyasiga asoslangani, ularni haqiqiy muhtojlarga yetkazib berish tizimi ham to‘g‘ri tashkil etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Nogironligi bo‘lganlarni o‘qitish, ishga joylashtirish va sportga jalb qilish bo‘yicha milliy tizim yaratiladi. Ular ishlashi, o‘qishi va kasb-hunar o‘rganishida to‘siqsiz muhit yaratish choralari ko‘riladi.
Bunda, nogironlikni kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, o‘zini o‘zi eplashi, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilash tizimiga o‘tiladi.
Tumanlardagi davolash o‘rinlarining 5%i nogironligi bo‘lganlarni reabilitatsiya qilishga ajratilishi, tuman markaziy shifoxonalarida tibbiy reabilitatsiya xonalari tashkil etilishi belgilandi.
Protez vositalari 18 turdan 30 turga, ajratilayotgan mablag‘ esa 1,5 barobar oshirilib, 100 mlrd so‘mga yetkaziladi. Ular bilan ta’minlash esa elektron shaklda bo‘ladi.
Nogironligi bo‘lganlar bunday vositalarni uydan turib, vaucher orqali onlayn yoki “Inson” markazi yordamida istalgan ishlab chiqaruvchidan olishi mumkin bo‘ladi.
Mutasaddilarga nogironligi bo‘lganlarga dori vositalarini tarqatishda tartib o‘rnatib, shaffof tizim yaratish topshirildi.
Bu uyda o‘tirgan nogironligi bor shaxslarning harakatlanishi yengillashishiga, bilim olishi va kasbiy ko‘nikma egallashi, mehnat qilishi yoki sport bilan shug‘ullanishiga xizmat qiladi. Protezlarni olish muddati qisqaradi.
Shuningdek, bino va inshootlarni qurish loyihasi nogironligi bo‘lganlarga qulay muhit yaratilganligi bo‘yicha majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Xorijiy mutaxassislar ishtirokida joriy yilda kamida 500 nafar loyihachi va arxitektorni nogironligi bo‘lganlarga to‘siqsiz muhit yaratishga o‘qitish vazifasi qo‘yildi.
Poytaxtdagi bekatlarni, jamoat transporti, jumladan metroni nogironligi bor odamlarga moslashtirish bo‘yicha ikki yillik dastur amalga oshiriladi. Bu ishlarni hududlarda ham boshlash bo‘yicha viloyat hokimlariga topshiriq berildi.
Barcha davlat idoralari saytlarini nogironligi borlar uchun qulay shaklga keltirish zarurligi qayd etildi.
Avvalroq 1-oktabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish joriy etilishi ma’lum qilingandi.