O‘zbekistonliklarga turli xorijiy kompaniyalarga ish takliflari tobora ko‘payib bormoqda.
Fuqarolar endilikda faqatgina Rossiya yoki shunga o‘xshash qo‘shni davlatlarda emas, balki Germaniya, Koreya, Yaponiya va Polsha kabi mamlakatlarda ham turli sohalarda, asosiysi qonuniy ishlarda ishlashlari mumkin.
Buning uchun qayerda va qanday ariza topshirish mumkin? Mazkur qo‘llanma orqali mustaqil ravishda xorijiy davlatlarda ishlash uchun arizani uydan chiqmasdan qanday onlayn jo‘natish mumkinligi haqida ma’lumot beriladi.
Qo‘llanma bilan video formatda ham tanishish mumkin:
Buning uchun qidiruv tizimiga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining labormigration.uz platformasini kiritish kerak.
Dastur xorijiy davlatda bo‘lish qoidalari, chet elda yashash va ishlash sharoitlari, ish taklif etilayotgan davlatdagi ijtimoiy va turar joy imtiyozlari, xorijiy ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini tuzishning huquqiy tomonlari haqida ma’lumotlar berib boradi.
Saytda bo‘sh ish o‘rinlari, o‘quv kurslari kabilar haqida ma’lumotlar mavjud. Undan o‘zbek, rus va ingliz tillarida foydalanish mumkin.
Masalan, ma’lumotlar bo‘limida ishga taklif etayotgan davlatlarning talablari va viza ma’lumotlari, patent rasmiylashtirish tartibi keltirilgan.
Bo‘sh ish o‘rni bo‘limida esa xorijiy mamlakatlardagi mavjud ishlar bilan tanishish mumkin.
Xususan, qaysi davlatda qanday ish borligi, qancha maosh belgilangani, qo‘shimcha shartlari va imkoniyatlarini saytning navbatdagi bo‘limida bilib olish mumkin.
O‘quv kurslari bo‘limida esa O‘zbekiston bo‘yicha fuqarolar uchun tashkil etilgan o‘quv kurslari, narxlari va muddati bilan tanishib, joyida ariza qoldirish mumkin.
Sayt bilan batafsil tanishib chiqqandan so‘ng asosiy sahifadagi “Anketa to‘ldirish” tugmasini bosib shaxsiy hisob ochish, ya’ni saytdan ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Ariza qoldirish uchun my.gov.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tish, ya’ni One ID ga ega bo‘lish kerak va u orqali saytga kirish mumkin.
Anketa oynasi ochilgach, u yerda fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari, ism-familiyasi, pasport seriyasi, jinsi, tug‘ilgan sanasi va mamlakati avtomatik tarzda shakllanadi.
“Pasport ma’lumotlari” qismida boshqa ma’lumotlar mavjud bo‘ladi, faqat xorijiy pasport seriyasi va raqamini kiritish lozim.
Keyingi qo‘shimcha ma’lumotlar qismida oilaviy holat belgilanadi. Telefon raqami va elektron pochta avtomatik shakllanmagan bo‘lsa, ularni ham kiritish kerak.
“Doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzili” bo‘limida so‘ralayotgan hudud, tuman, mahalla, ko‘cha va uy raqami qo‘shiladi.
Navbatdagi “Ish tajribasi” bo‘limida oldin ishlagan tashkilot nomi, lavozimi, ish boshlagan va yakunlagan muddati belgilanadi.
Agarda hali ham ishlayotgan bo‘lsa, “Hozirgi kunga qadar” tugmachasi bosib qo‘yiladi.
Undan keyin, ta’limga oid ma’lumotlar — o‘qigan joyi, mutaxassisligi, ma’lumot toifasi, o‘qishni boshlagan va tugatgan muddati, agar tugatgan bo‘lsa, mutaxassislik bo‘yicha diplom yoki sertifikatni yuklash lozim.
Bunda fayl hajmi 10 MBdan oshmasligi kerak. Agarda hali ham o‘qiyotgan bo‘lsa, “Hozirgi kunga qadar” tugmachasi bosiladi.
Keyingi qadam — tillarni bilish darajasi. Bunda qanday chet tilini qay darajada bilishi va til sertifikatiga ega yoki ega emasligi ko‘rsatiladi. Shuningdek, qo‘shimcha shaklda haydovchilik tajribasi va xobbilarni ham qo‘shish mumkin.
Yakuniy bosqichda “Anketani ko‘rish” tugmasini bosish orqali ma’lumotlarning to‘g‘ri kiritilganiga ishonch hosil qilgach, arizani jo‘natish mumkin.
Xorijiy ish beruvchilar nomzodlardan asosan quyidagi talablarga ega bo‘lishni so‘rashadi:
- ishlashga bormoqchi bo‘lgan mamlakat tilini bilish;
- mazkur davlatdan deport qilinmagan bo‘lish;
- tibbiy va jismoniy jihatdan sog‘lom bo‘lish.
Avvalroq 2024-yilda 100 ming nafar o‘zbekistonlik Janubiy Koreyaga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.
Yanvarda prezident Bandlik vazirligiga 100 ming nafar o‘zbekistonlikni o‘qitish hamda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish bo‘yicha topshiriq bergandi. Mehnat muhojirlarining atigi 6%i uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborilgan.
Shuningdek, xorijga ishga jo‘natish bo‘yicha ishlar mamlakat qonunchiligida litsenziyali faoliyat hisoblanib, havola orqali litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari ro‘yxati bilan tanishish mumkin.