“Oson” to‘lov xizmatiga egalik qiluvchi “Brio Group” o‘zining qayta tashkil etilishini yakunladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Xususan, tashkiliy shakl bo‘yicha kompaniya mas’uliyati cheklangan jamiyatdan aksiyadorlik jamiyatiga o‘tdi.
“Aksiyadorlik jamiyati formatini qabul qilish korporativ jarayonlarimizni takomillashtirish va potensial investorlar uchun jozibadorligimizni oshirish imkonini beradi. Bu qaror mijozlarimiz va hamkorlarimiz oldidagi shaffoflik va mas’uliyatga sodiqligimiz natijasidir”, — dedi kompaniya asoschisi Farhod Mahmudov.
Prezidentning noyabr oyida qabul qilingan qarori bilan, joriy yilning 1-iyulidan O‘zbekistondagi barcha to‘lov tizimi operatorlari va tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi shart.
Kompaniya qayta tashkil etilishi orqali investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishini kutmoqda.
Shuningdek, “Brio Group” yangi talablar asosida ustav kapitalini ham oshirmoqda. Agar oldin bu 10 mlrd so‘m (1-iyuldan boshlab eng kam chegara) bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan oyda mazkur miqdor 13 mlrd so‘mga oshirildi.
1-fevral kuni “Click” kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etilishi ma’lum qilindi. Jarayon “Kap Depo” investitsiya kompaniyasi ishtirokida amalga oshiriladi.
Avvalroq “Tinkoff” to‘lov xizmati “CloudPayments” O‘zbekistonda 18-martdan faoliyatini to‘xtatishi haqida xabar berilgandi.