21-fevral kuni O‘zbekistondagi ayrim banklar “Contact” to‘lov tizimi faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilganini ma’lum qildi.
“Xalq banki” kredit tashkilotlari orasida birinchilardan bo‘lib bu haqida e’lon berdi. Tizim faoliyatining to‘xtatilishi “texnik sabablar” bilan izohlangan.
Bundan tashqari, bank o‘tkazmalarni “Asia Express”, “Sberbank Onlayn” va “UPT” kabi xizmatlar orqali amalga oshirishni tavsiya qildi.
Shuningdek, mazkur xabar e’lon qilingan vaqtda “Agrobank”, “Biznesni rivojlantirish banki”, “Ipak Yo‘li Banki”, “Trastbank”, “Turonbank”, “MKBank”, “Poytaxt bank”, “Universalbank” “Contact” bilan ishlashni to‘xtatganini ma’lum qildi.
Rossiyaning “QIWI Banki” 2015-yildan buyon “Contact” operatori hisoblanadi. RBC chet elga ko‘chib o‘tgan Rossiya fuqarolari o‘rtasida transfer tizimiga bo‘lgan talab, shuningdek, 2023-yil iyul oyida “Unistream"ga qarshi sanksiyalar kiritilgandan keyin uning o‘sishini qayd etdi.
Rossiya Markaziy banki 21-fevral kuni ertalab “QIWI Bank"ning litsenziyasi bekor qilingani haqida xabar berdi. Kredit tashkiloti “yuqori xavfli operatsiyalar"ni amalga oshirishda hamda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan egalariga ma’lum qilinmasdan foydalangan holda hamyon ochishda ayblangan.
Shundan so‘ng, “QIWI Hamyon” tizimida mablag‘larni to‘ldirish va yechib olish yopilganligi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Tizimda faqat omonat va pul o‘tkazmalari ishlashni to‘xtatgani, o‘tgan yili pul yechib olish cheklanganligi haqida tushuntirish berildi.
Avvalroq 2023-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi qariyb ikki barobarga kamaygani haqida xabar berilgandi.