O‘zbekiston investitsiya dasturi doirasida 2030-yilgacha gaz transport tizimini modernizatsiya qilishga $470 mln ajratishni rejalashtirmoqda.
Hukumatning 15-fevralda qabul qilingan qarori bilan, 2024-yilning birinchi choragida $7,15 mlrdlik xorijiy investitsiyalar jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Bunda yetakchilik $1,68 mlrd bilan Energetika vazirligi egallagan bo‘lsa, undan kegingi o‘rinda 428,3 mln bilan Toshkent shahar hokimligi turibdi.
Shuningdek, birinchi o‘ntalikka OKMK ($331 mln), Namangan ($329,4 mln), Farg‘ona ($327 mln), Toshkent viloyatlari ($307,7 mln), “O‘zbekneftgaz” ($254,1 mln), Andijon ($253,8 mln) va Samarqand viloyatlari ($241,8 mln) hokimliklari kirdi.
“O‘ztransgaz” birinchi navbatda mamlakat magistral gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilishga xorijiy kreditlarni jalb qiladi, bu esa Rossiyadan tabiiy gaz importi hajmini oshiradi.
Bundan tashqari, “O‘ztransgaz” tomonidan xorijiy mablag‘lar hisobidan 2025-yilgacha belgilangan yana ikkita loyiha amalga oshirilmoqda.
Shundan birinchisi magistral gaz uzatish tizimining samaradorligini $468,2 mlnga oshirish bo‘lsa, ikkinchisi — qiymati $268,7 mlnlik Gazli konida gazni yer ostida saqlash inshooti hajmini 10 mlrd kub metrga oshirish va geologiya-qidiruv ishlarini bajarish.
Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish 7-oktabrdan boshlangan. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil oxirigacha tranzit 800 mln kub metrni tashkil etishi va yil davomida 2,8 mlrd kub metr yetkazib berish kutilmoqda.
Oktabr oyi oxirida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya gaz sohasida yaqin 15 yilga hamkorlik bo‘yicha kelishuvni muhokama qilishayotganini ma’lum qildi.
Yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida Rossiya kompaniyasi “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvurlari tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.