“Telegram” foydalanuvchilariga “Premium” obunasini olish uchun yangi funksiyani taqdim qiladi. Bunga “Telegram Info” kanali e’tibor qaratdi.

Bunda “Telegram” boshqa foydalanuvchilarga raqamidan SMS-kodlarini yuborish uchun foydalanishga ruxsat berganlar uchun “Premium” obuna beradi.

Hozircha ushbu funksiya faqat bir nechta mamlakatlarda, jumladan Indoneziyada va faqat Androidda paydo bo‘lgan.

“Peer-to-Peer Login” dasturi shartlariga ko‘ra, xizmat har oy ishtirokchilarning telefonlari orqali kodlar bilan 150 tagacha SMS yuborish huquqini oladi.

Qayd etilishicha, agar foydalanuvchi tarifida SMS yuborish pullik bo‘lsa, “Telegram” buning uchun kompensatsiya bermaydi.

Mukofot sifatida “Telegram” bir oy davomida Premium obunasini sotib olish uchun sovg‘a kodini chiqarishni va’da qiladi.

Foydalanuvchining telefoni orqali kodni olish uchun mintaqaga qarab ma’lum miqdordagi SMS xabarlar talab qilinadi (masalan, Indoneziyada — 100).

Platforma o‘zgarishlar kuchga kirishidan 30 kun oldin ishtirokchilarni xabardor qilish orqali kvotani o‘zgartirishi mumkin.

Kompaniya, shuningdek, jo‘natuvchining raqamini oluvchidan yashira olmasligi haqida ogohlantirdi, shuning uchun dastur ishtirokchilari xavflardan xabardor bo‘lishlari kerak.

Mumkin bo‘lgan ta’qiblar yoki boshqa noqulayliklar uchun “Telegram"ni javobgarlikka tortish mumkin bo‘lmaydi.


Avvalroq “Spot” “Telegram” Premium obunachilari uchun yangilanishni taqdim qilgani haqida yozgandi.

Endilikda ular sozlamalar orqali boshqalarning shaxsiy xabarlar yozishini cheklashlari mumkin bo‘ladi.