Avvalroq “Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya tomonidan fuqarolarni Umra safaridan qaytarish bo‘yicha qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Jinoyat ishi doirasida bir nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Mazkur aviakompaniya bilan hamkorlik qilib, o‘zbekistonliklarni Saudiya Arabistoniga olib borgan hamda ularni qaytarib kelmagan 39ta turfirmaga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.
Xususan, Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan turizm faoliyatini amalga oshiruvchi “Gulbakhor Airways”, “Mabrur Tur”, “Ravza Tur”, “Ramazon Travel”, “Fayz Turizm”, “Hizmat Travel”, “Toyib Tur”, “Ark Tur”, “Zaytun Travel”, “Maxbub Tour”, “Muhtasham Travel”, “Marjon Tur”, “Ixsan Travel”, “Exrom Tur”, “Madinax”, “Di Travel”, “Risola Travel”, “Maroqand” kabi turoperatorlarining faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishni so‘ragan.
Bular qatorida, shuningdek, “Hiro Tur”, “Najot Tour”, “Labbaik Travel”, “City Gloud”, “Ajva”, “Global Tur”, “Osiyo Tur”, “Brend Tur”, “Qibla Travel”, “Musaffo”, “Ummat uchun”, “Sayyor Sayohat”, “Maya Tur”, “Sulton Travel”, “Musaffirun, “Air Fayz”, “Mubin Tur”, “Road Silk”, “Ziyo Tur”, “Makon Yunayted” va “Mahdiy Travel” agentliklari ham bor.
Mazkur turfirmalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish ularning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani bilan izohlangan.
“Panorama Airways” va yuqorida qayd etilgan turfirmalar Umra tadbirlari uchun 3 931 nafar o‘zbekistonlikning “juda ko‘p miqdordagi pullarini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish” yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, fuqarolarni Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytarishni va’da qilganiga qaramay, mamlakatga qaytarmagan.
Fevral oyi boshida fuqarolarning “Panorama airways” tomonidan parvozlarning kechikishi sabab “Umra” safaridan qayta olmayotganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Undan keyin aviakompaniya parvozlar jadvali va umumiy operatsiyalar sezilarli darajada ishdan chiqqanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, yangi boshqaruv guruhi tayinlangan.
2−4 fevral kunlari esa Saudiya Arabistonida qolib ketgan 3 mingdan ortiq fuqarolar O‘zbekistonga qaytarilgan.
Mamlakatning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyat nazoratga olingani, doimiy monitoring olib borilayotgani hamda zarur konsullik, huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatilayotganini xabar berdi.
Shuningdek, mazkur holat yuzasidan turizm qo‘mitasi munosabat bildirib, Umra xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilar o‘rnatilgan tartibda murojaat etishlari mumkinligini hamda yetkazilgan moddiy zarar sud qarori bilan undirib berilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Umra xizmatlarini noqonuniy reklama qilgan Qoraqalpog‘istondagi ikkita turagent javobgarlikka tortilgandi.