O‘tgan yili O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni deyarli 2019-yilgi pandemiyadan oldingi darajaga yetdi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

2023-yilda mamlakatga 6,6 mlndan ortiq sayyoh tashrif buyurdi, bu 2022-yildagi ko‘rsatkichdan 1,4 mln kishiga ko‘pdir. Pandemiya davrida O‘zbekistonga 1,5 mlnga yaqin kishi, 2021-yilda esa 1,8 mln sayyoh kelgan.

Turistlar soni sezilarli darajada oshganiga qaramay, o‘tgan yilgi qiymat pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichdan ortda qolmoqda. 2019-yilda mamlakatga 6,7 mlndan sal ko‘proq xorijlik sayyohlar tashrif buyurgandi.

Sayyohlarning asosiy oqimi — 90%dan ortig‘i MDHning to‘rtta davlatiga to‘g‘ri keladi:

  • Tojikiston — 2,15 mln kishi (yillik o‘sish 49,6%);
  • Qirg‘iziston — 1,75 mln (o‘sish 30,1%);
  • Qozog‘iston — 1,33 mln (14%ga pasayish);
  • Rossiya — 714,3 ming (o‘sish 25,8%);

Shuningdek, beshinchi o‘rinda Turkiya (106,5 ming) turibdi. Undan keyingi o‘rinda esa quyidagi mamlakatlar mavjud:

  • Turkmaniston — 100,3 ming (o‘sish o‘n barobardan ortiq);
  • Hindiston — 45,5 ming (2,7 barobar);
  • Xitoy — 42,5 ming (7,8 barobar);
  • Janubiy Koreya — 37,1 ming (+86,1%);
  • Germaniya — 29,6 ming (+67,2%);
  • Italiya — 25,6 ming (2,9 barobar);
  • AQSh — 23 ming (+75,5%);
  • Fransiya — 18,6 ming (+69%);
  • Buyuk Britaniya — 16,2 ming (+54,2%);
  • Ispaniya — 15,2 ming (2,41 barobar);
  • Belarus — 15,1 ming (+10,2%);
  • Ozarbayjon — 14,7 ming (+41,3%);
  • Yaponiya — 12,4 ming (2022-yil uchun ma’lumot yo‘q).

2023-yil oxirigacha mamlakatga 7 mln sayyoh tashrif buyurishi kutilgandi. Oktabrda prezident xorijiy sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Dekabrda o‘tkazilgan videoselektorda turizm salohiyatini samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon o‘rinlarini ko‘paytirish topshirildi.

Yanvarga kelib, prezident topshirig‘iga asosan, chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Shu bilan birga, xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni tezlashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

To‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va rag‘batlantirish ko‘rsatkichlari belgilanib,1-apreldan 2026-yilning apreligacha mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga imkoniyati cheklanganlar uchun jihozlangan har bir maxsus xonaga subsidiya ajratiladi.

Mo‘ynoq va Zomin aeroportlariga amalga oshiriluvchi parvozlar uchun 23 yoshgacha bo‘lganlar, pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lganlarga aviachiptalarni sotish 50% imtiyozli ta’riflar bo‘yicha amalga oshiriladi.