“Yandex Go” yo‘lovchilarga naqd puldagi to‘lovi uchun elektron chek berishni boshladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.
Onlayn-taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalangach, yo‘lovchi tashish dinamikasi qo‘mita ma’lumotlar bazasida shakllanmoqda.
O‘tgan yilning dekabr oyida taksi agregatorlari orqali 4,4 mln tashuvlar amalga oshirildi. Yo‘lovchi tashish faoliyati 80,1 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan amalga oshirilgan.
Yanvar oyida qatnovlar soni 5 mlnga yetdi hamda tashish xizmatlari 113,5 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi tomonidan ko‘rsatildi.
Dekabrda qo‘mita taksi xizmati uchun naqd pul orqali to‘lov qilinganda ham chek berilishi ta’minlanishini qayd etgandi. Bir nechta yechimlar ishlab chiqilib, bozor ishtirokchilariga taklif qilingan.
Soliq qo‘mitasi boshqa taksi agregatorlarining soliq organlari bilan integratsiyalashuvini ta’minlash va to‘lov shaklidan qat’i nazar, yo‘lovchilarga chek berish bo‘yicha ishlar davom etayotganini bildirdi.
2023-yilning oktabr oyi boshida Soliq qo‘mitasi “Yandex Go"dan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tish va soliqlarni to‘lashni talab qildi. Agar taksi xizmati bu talablarni bajarmasa mamlakatda agregator sifatida foydalanib kelinayotgan platforma bloklanishi kerak edi.
Biroq, oy oxiriga kelib, kompaniya mamlakatda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Shuningdek, fiskallashtirish masalalari bo‘yicha Soliq qo‘mitasi bilan muloqot davom ettirilayotganini bildirdi.
Dekabr oyi boshida “Yandex Go” ilovada sayohatlar uchun fiskal chek berishni ishga tushirdi hamda kompaniya O‘zbekistonda mahalliylashtirishni yakunlab, soliq rezidenti bo‘ldi.
Undan keyin kompaniyaning QQS to‘lash uchun mahalliy haydovchilardan olinadigan komissiyani oshirgani ma’lum qilindi. 5-dekabrdan esa xizmat Toshkent uchun “Standart” tarifini bekor qildi. “Spot” mazkur vaziyat bo‘yicha agregatorning bir nechta haydovchilari bilan suhbatlashdi.
Xizmat tomonidan fiskal chek taqdim etila boshlangach, dastlabki 6 kun ichida xizmatda 800 mingdan ortiq chek chiqarildi.
Raqobat qo‘mitasi “Yandex Go” taksi xizmatini O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb topdi. Ko‘rsatilgan xizmatlari yuzasidan korxonalar ichida eng katta bozor ulushi — 86,3%i unga to‘g‘ri keladi.