Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi platformasi orqali xorijiy kompaniyalarga ishga ariza jo‘natishda ayrim hujjatlar talab qilinadi.
Hozirgi kunda o‘zbekistonliklar Germaniya, Janubiy Koreya hamda Litva kabi mamlakatlarga ishga taklif etilmoqda. Migratsiya agentligi orqali fuqarolar qonuniy ravishda chet elda ishlashlari mumkin.
Har bir mamlakatdagi ish beruvchining talabi turlicha bo‘ladi. Va ular sohalarga qarab ham farqlanadi.
Masalan, fuqaro xorijda hamshira sifatida ishlamoqchi bo‘lsa, undan ikki yillik tajriba talab qilinishi mumkin. Yoki restoranda ishlamoqchi bo‘lsa, xushmuomalalik kabi sifatlarga ega bo‘lish zarur. Ayrim hollarda ish tajribasi so‘ralmasligi ham mumkin.
Fuqarolardan asosan, diplom, til bilish sertifikati kabilar, shuningdek, yosh chegarasi talab qilinadi. “Spot” xorijda ishlash uchun anketa to‘ldirishda talab qilinadigan hujjatlar haqida ma’lumot beradi.
Eslatib o‘tamiz, hujjatlar ish turi va kompaniya talablaridan kelib chiqib, turlicha bo‘lishi mumkin.
Quyida asosiy hujjatlar keltirilgan:
- fuqarolik va xorijga chiqish pasporti;
- ta’lim olganlik haqida hujjat;
- sifatli rasm;
- tarjimai hol;
- til bilish darajasi;
- sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma.
Muhim talablar:
- ishlashga bormoqchi bo‘layotgan davlat tilini bilish yoki sertifikatga ega bo‘lish;
- deport qilinmagan bo‘lish;
- jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lish;
- zararli odatlardan holi bo‘lish.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining labormigration.uz platformasi orqali mavjud ish o‘rinlari bilan tanishib, ularning belgilangan talablari asosida hujjat jo‘natish mumkin.
Avvalroq “Spot” mazkur platforma orqali hujjatlarni qanday topshirish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.
Dastur xorijiy davlatda bo‘lish qoidalari, chet elda yashash va ishlash sharoitlari, ish taklif etilayotgan davlatdagi ijtimoiy va turar joy imtiyozlari, xorijiy ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini tuzishning huquqiy tomonlari haqida ma’lumotlar berib boradi.
Avvalroq Buyuk Britaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklardan onlayn arizalar qabul qilinishi haqida xabar berilgandi. Agentlik ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar uchun 23-fevral kuni rus tili bo‘yicha onlayn test o‘tkazilishini ma’lum qildi.