Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda 22-fevraldan O‘zbekistonda bankomatlardan pul yechib olish komissiyasi oshirilgani haqida ma’lumotlar tarqalgandi.

Biroq, bankomatlardan pul yechib olishda 1% komissiya o‘rniga 1,5% yechib olinishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” matbuot xizmati yuqoridagi kabi holat bank nomidan ham sodir etilganini va bu ma’lumotlar soxta ekanligini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, “O‘zsanoatqurilishbank"da mahalliy (“UzCard”, “Humo”) kartalardan naqd pul berish summadan 1%ni, xalqaro to‘lov kartalaridan (jumladan, kobeydjing bank kartalari) naqd pul berish summadan 1,5%ni tashkil etadi.

Mazkur tariflar “O‘zsanoatqurilishbank"ning 2023-yil 26-avgustdagi Boshqaruv qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, bugungi kunda komissiya miqdorini oshirish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmagan.

Hozirda bank tomonidan ish haqi loyihasi doirasida chiqarilgan xalqaro kartalardan bankning o‘z protsessing markaziga ulangan bankomatlar orqali naqd pul yechish summadan 0,4%ni tashkil qiladi.

Avvalroq “Humo” bankomatlarida pul yechib olish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. To‘lov tizimi monitoring sabab, tizimga tegishli bankomatlarning 30%i o‘chirilishi rejalashtirilganini ta’kidladi.