Shavkat Mirziyoyev 22-fevral kuni aviatsiya sohasidagi davlat korxonalari transformatsiyasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.

Aviakompaniyalar soni 15taga, jumladan, xususiylari 10taga yetdi. Samarqand aeroporti “Air Samarkand"ga xususiy sheriklikka berilgani hisobiga yo‘lovchi oqimi 4 karra oshib, 1 mlnga yetgan.

Shunga qaramasdan, o‘tgan yili aviatsiya xizmatlari hajmi bor-yo‘g‘i 11,6% o‘sgan. 2030-yilgacha aviaqatnovlar sonini 4 karra oshirish uchun sohada yillik o‘sish sur’atlari 20%dan kam bo‘lmasligi kerak.

Bu infratuzilma, boshqaruv, narx va sifat borasida tizimli ishlarni talab etadi. Mamlakatda avia chiptalar narxi nisbatan qimmatligi, ham hududiy, ham xorijiy reyslar soni talabga qaraganda kam ekanligi ta’kidlandi.

Parvozlarning asosiy qismi haligacha Toshkent va Samarqand aeroportlariga to‘g‘ri keladi. Aeroportlarda havo kemalari va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari cheklangan.

Shuningdek, qo‘shimcha xizmatlardan daromad jami tushumning bor-yo‘g‘i 7%ini tashkil qiladi. Toshkent, Navoiy, Namangan aeroportlari tranzit salohiyati to‘liq ishga solinmayapti.

Taqdimotda “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports"da transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish, xizmat turlari va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha joriy yilgi rejalar bayon qilindi.

Xususan, milliy aviakompaniyaga xalqaro kredit reytingini olib, uni “IPO"ga chiqarish jarayoni boshlanadi.

Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlari xususiy boshqaruvga berilib, modernizatsiya qilinadi. Joriy yilda reyslar soni 20%ga oshiriladi.

Sohada xarajatlarni 20%ga qisqartirish choralari ko‘riladi. Yoqilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan eski samolyotlar sotilib, zamonaviy va tejamkor havo kemalari olib kelinadi.

Shuningdek, 72ta yo‘nalish bo‘yicha optimal parvozlar marshrutini tanlash orqali yoqilg‘i sarfi sezilarli kamaytiriladi. Foydalanilmayotgan va daromad keltirmayotgan aktivlar sotuvga chiqariladi.

Mutasaddilarga xarajatlarni qisqartirish dasturini tasdiqlab, xizmatlar raqobatdoshligini oshirish, xususiy sheriklik loyihalarini tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘paytirish, Navoiy aeroportida samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatishni rivojlantirib, uning salohiyatini to‘liq ishga solish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat aviakompaniyalariga xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda kadrlar tayyorlashni yaxshilash masalalari ham qayd etildi.

Avvalroq prezident “Uzbekistan Airports” va “Uzbekistan airways” kompaniyalari transformatsiyasini tezlashtirishni topshirgandi.

Bundan tashqari, Oliy Majlisda samolyot va poyezd chiptalarini sotishdagi korrupsiya holatlari qayd etilib, lizing asosida olib kelinayotgan havo kemalari uchun aniq mezon belgilanmaganligi tanqid qilindi.