20-fevral kuni Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirkorlik sohasidagi ayrim byurokratik tartib-taomillarni bekor qilishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva xabar berdi.
Hujjat bilan tadbirkorlar tomonidan ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganida OAVda bu haqida e’lon berish hamda 30 kunlik muddatda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilishga oid majburiyatlar bekor qilindi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar soliq idoralarining sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi natijalaridan norozi bo‘lgan taqdirda, soliq idoralari ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishlari mumkin bo‘ladi.
Bungacha shikoyatlar dastlab yuqori turuvchi soliq organi tomonidan ko‘rib chiqilib, undan keyin sudga shikoyat qilish mumkin edi.
Shuningdek, o‘rnatilgan yangi tartiblarga ko‘ra endilikda, tadbirkorlar soliq tekshiruvlari natijalaridan norozi bo‘lsa, o‘z ixtiyori bilan soliq organi ustidan bevosita sudga yoki yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu Qonun tadbirkorlar huquqlarini himoyasini yanada kuchaytirishga hamda ular faoliyatini amalga oshirishda ortiqcha majburiy talablarning bekor qilinishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
2022-yilning noyabrida qabul qilingan prezident farmoni bilan 2023-yilning martidan soliq tekshiruvlari va auditi natijalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi berilishi belgilangandi.
O‘tgan yilning avgustida qabul qilingan hukumatning tegishli qarorida ham yuqoridagi talablar bekor qilinishi nazarda tutilgan.
Avvalroq bir yilda ikkitadan ortiq avtomobil sotgan fuqarolar uchun soliq joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bu avtomobillarni qayta sotishda chayqovchilikning oldini olishga qaratilgan.