Rossiyaning “Inter RAO” energetika kompaniyasi O‘zbekistonga elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda “Interfaks” agentligiga tayanib “Peretok.ru” nashri xabar berdi.

XXYKda bo‘lib o‘tgan “Rossiya” forumi doirasida kompaniya vakili Aleksandra Panina O‘zbekiston “Inter RAO"ning mamlakatga elektr energiyasini yetkazib berish taklifiga qiziqish bildirganini qayd etdi.

“Qiyinchilik tarafi shundaki, uni Qozog‘iston orqali tranzit yo‘lida, yopilgan „Shimol-Janub“ uchastkasi orqali yetkazib berish kerak, bu orqali allaqachon Qirg‘izistonga yetkazib berilmoqda, O‘zbekistonga hajm ajratish qiyin”, — deydi u.

Paninaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda energiya eksporti yo‘nalishlari va hajmini oshirish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Rossiya kompaniyasi joriy yilda energiya yetkazib berish hajmini 10 mlrd kVt/soat darajasida saqlab qolmoqchi.

“Inter RAO” — 1997-yilda RAOning “Rossiya YaET” sho‘ba korxonasi sifatida tashkil etilgan energetika kompaniyasi. Uning dastlabki ixtisoslashuvi elektr energiyasining xalqaro savdosi hisoblangan.

Avvalroq sovuq ob-havo tufayli O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotiga vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatila boshlangandi.