Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ““Tashkent City"dagi “Nest One” binosi “Aloqabank” foydasiga musodara etilishi mumkin” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.

Unda binodagi turar va noturar joylarni sotib olganlara ko‘chmas mulklarini tasarruf eta olishmayotgani, bunga tadbirkor va “Aloqabank” o‘rtasidagi kredit shartnomasi asosida pullar to‘lanmay kelinayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Mazkur xabar yuzasidan “Aloqabank” matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

““Nest One” binosining qurilishiga “Aloqabank"ning hech qanday aloqasi yo‘q. Bank tomonidan bu bino uchun hech kimga kredit mablag‘lari berilmagan va biror tadbirkorga nisbatan sudga murojaat qilinmagan”, deyiladi xabarda.

Bank matbuot xizmati xabarda keltirilgan “Aloqabank” bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligini ta’kidlagan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tekshirilmagan va tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslikni so‘ralgan.

Avvalroq Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan qariyb 40ta turoperator faoliyatini to‘xtatib turishni so‘ragani haqida xabar berilgandi. Mazkur turfirmalar Umra ziyorati uchun 3 931 nafar o‘zbekistonlikni Saudiya Arabistoniga olib borgan hamda ularni qaytarib kelmagan.