1-martdan Toshkentda tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk mashinalari harakati taqiqlanadi. Bu haqda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida qayd etilgan.
Xususan, poytaxtda yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi.
Biroq, mazkur cheklovlar maxsus xizmat, jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va Qurolli Kuchlarning yuk avtomobillariga tatbiq etilmaydi.
Mazkur topshiriqning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib tegishincha Ekologiya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Transport vazirligi belgilandi.
Yuqoridagi toifalarga quyidagi avtotransport vositalari kiradi:
- N2 toifasi — maksimal og‘irligi 3,5 tonnadan ortiq, lekin 12 tonnadan ortiq bo‘lmagan yuk tashish uchun mo‘ljallangan transport vositas;
- N3 toifasi — maksimal og‘irligi 12 tonnadan ortiq yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan transport vositasi;
- O4 toifasi — maksimal og‘irligi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan tirkamalar.
Shuningdek, farmon bilan hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
O‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi.
Mazkur farmon loyihasi joriy yilning yanvar oyi oxirida muhokamaga qo‘yilib, unda yuqoridagi topshiriqlar belgilangandi.
Avvalroq prezident poytaxtda og‘ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda “Yevro-4"dan past yonilg‘idan foydalanishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqishni topshirgandi. 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish topshirildi.
Bundan tashqari, Ekologiya vazirligi ham Toshkentda ekologik muammolarni kamaytirish uchun “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlashni taklif qilgandi.
Yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransporti vositalari va tirkamalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakakatlanish huquqi uchun yig‘im undirilishi belgilangan.