Avvalroq prezident tomonidan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi farmon qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2030-yilgacha Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “Yevro-5” va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomobillar ekspluatatsiyasini bosqichma-bosqich cheklanadi.
Shu va qonunda nazarda tutilgan topshiriqlarning to‘liq, sifatli va “so‘zsiz bajarilishi” uchun tegishincha Ekologiya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligi mas’ul etib belgilandi.
Bundan tashqari, Toshkentda har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi amalga oshiriladi. Biroq, bundan jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlari mustasno.
Uning doirasida binosi poytaxtda joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna ko‘rsatib boriladi.
Avvalroq prezident poytaxtda og‘ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda “Yevro-4"dan past yonilg‘idan foydalanishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqishni topshirgandi.
Bosh vazir Abdulla Aripovga 2025-yildan Ai-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bundan tashqari, Ekologiya vazirligi ham Toshkentda ekologik muammolarni kamaytirish uchun “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlashni taklif qilgandi.
Yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransporti vositalari va tirkamalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakakatlanish huquqi uchun yig‘im undirilishi belgilangan.