Namangan viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha yangi tariflar belgilanmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
21-fevral kuni Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi sessiyasida ichimlik va oqava suv xizmatlari uchun yangi narxlar tasdiqlandi.
Yanvar oyi oxirida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Namangan suv ta’minoti"da aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar hamda vazifalarni muhokama qilgandi. Aholi uchun 1 metr kub ichimlik suviga 4 ming so‘m narx belgilashni taklif qilindi.
Viloyat hokimi bu summani kamaytirish va uning manbalarini ko‘rsatib, tizimdagi “rejalashtirilgan yo‘qotish"larni kamaytirishni topshirdi. Shundan kelib chiqib, korxona tomonidan tariflar qayta ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, bir metr kub ichimlik suvi uchun yangi tariflar quyidagicha:
- aholi uchun — 3 500 so‘m;
- budjet va boshqa tashkilotlar uchun — 7 ming so‘m.
Oqova suvi xizmati uchun:
- aholi uchun — 800 so‘m;
- budjet va boshqa tashkilotlar uchun — 975 so‘m.
Bunda taklif etilayotgan barcha narxlar QQSsiz hisoblangan. Yangi tariflar qachondan amal qilishi keltirilmagan.
1-martdan Jizzax viloyatida ham ichimlik va oqova suv xizmatlari narxlari oshiriladi. 20-fevraldan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlariga yangi narxlar belgilangan.
Bu o‘tgan yilning 20-avgustidan viloyatda belgilangan narxlardan keyingi ikkinchi marotaba oshirilishi bo‘lmoqda.
2023-yilning 1-avgustidan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida narxlarning yangi tarifi joriy etildi. Shuningdek, Xorazm, Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida ham ichimlik va oqova suv xizmatlari narxiga yangi tariflar belgilandi.
9-dekabrdan Toshkent shahrida, 15-dekabrdan esa Sirdaryo viloyatida ichimlik va oqova suv narxining yangi tariflari joriy qilindi.
Shuningdek, Qashqadaryoda ikkinchi marotaba tariflarga o‘zgartirishlar kiritildi. 15-yanvardan Qoraqalpog‘iston hamda Buxoroda ham ichimlik va oqova suv narxlari oshirildi.
2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.