Avvalroq prezident tomonidan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi farmon qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, “Biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida 2024-yil yakunigacha 2 mln aholi biznesga jalb qilinadi.

Yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali 5 mln aholining bandligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Mazkur topshiriqlarning to‘liq va sifatli bajarilishi uchun Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov mas’ul etib belgilandi.

Joriy yilning 1-iyulidan nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlarni joriy etish va ekologik sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, uch yil davomida xalqaro brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyolar bojxona bojidan ozod etiladi. Bu imtiyoz tadbirkorlarga mahalliylashtirish darajasini kamida 60%ga yetkazish sharti bilan beriladi.

Xalqaro brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekistonda ishlash huquqini beruvchi tasdiqnoma berilganligi uchun to‘lovlar undirilishi bekor qilinadi.

Bundan tashqari, 1-maydan fuqarolar va tadbirkorlar uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni faqat qonunda belgilash amaliyoti joriy etiladi.

2023-yilning avgustida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 mln so‘mdan grant ajratilishini ma’lum qilgandi.

Dekabrda mashhur brendlarni mamlakatga jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mahsulotining kamida 30%ini brend ostida ishlab chiqaradigan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarga beriladigan imtiyoz va yengilliklar qo‘llaniladi.

“Spot” 2023-yilda O‘zbekiston bozoriga qanday xorijiy kompaniyalar kirib kelgani haqida maqola tayyorlagandi.