22-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev IT-xizmatlar infratuzilmasi va eksportini rivojlantirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha dekabrda Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgandi.
“IT Park” rezidentlari soni 1 700 taga yetib, ularda 26 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida rezidentlar sonini 10 barobar oshirib, ish o‘rinlarini 100 mingtaga yetkazish, eksport hajmini $5 mlrdga olib chiqish belgilangan.
Buning uchun hududlarga IT-eksportchi tashkilotlarni keng jalb qilishga qaratilgan “Zero Risk” dasturini qo‘llash taklif etilmoqda.
Unda ishtirok etuvchi korxonalarga “IT Park” tavsiyanomasi asosida bo‘sh turgan davlat binolari 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi.
Mazkur muddat tugagach, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuziladi. Texnopark tomonidan texnika va jihozlar 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi.
Bu korxonalar faoliyatini rivojlantirishi uchun imtiyozlar nazarda tutilmoqda. Xususan, dastur bo‘yicha korxonalarga xodimlarni ishga olish va malakasini oshirish xarajatlari 50%gacha qoplab beriladi.
Mahalliy IT-kompaniyalarni xalqaro miqyosga olib chiqish bo‘yicha “Local to Global” loyihasi amalga oshiriladi. Ularning xorij bozoriga chiqish, xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish, xorijiy ekspertlarni taklif etish xarajatlarining 50%gacha qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, “raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha axborot berildi. Yoshlar, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarda IT-xizmatlar ko‘rsatish ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Natijada 9 mingta ish o‘rni yaratilishi, jumladan, 5 mingga yaqin ayollar va nogironligi bo‘lganlarning bandligi ta’minlanishi mo‘ljallangan.
Bu loyiha natijasida 25 ming nafar shaxsni ish bilan ta’minlash hisob-kitob qilinmoqda. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Yanvar oyida prezident tomonidan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risida farmon qabul qilingandi. IT-sohasida tartibga solish qumdoni tashkil etilib, maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi.
IT-o‘quv markazlariga subsidiya ajratish tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda 25,5 mln so‘mgacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchilar uchun esa 35,7 mln so‘mgacha bir martalik subsidiyalar beriladi.
Shuningdek, maktablarning yuqori sinflarida biznes va IT-kasblarga tayyorlash dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Biznes va kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida ustaxonalar tashkil etilib, yuqori maoshli “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy qilinadi.