“Global OSB” kompaniyasi O‘zbekistonda elektr golf karalar ishlab chiqarishni mahalliylashtiradi. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uyushmaning mas’ul xodimlari korxonaga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayoniga tayyorgarlik holati, istiqbolli rejalar o‘rganildi. Mutasaddilar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlar almashildi.
Xususan, bu mahsulotni ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan butlovchi qismlarni mahalliy korxonalardan xarid qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Joriy yilning mart-aprel oylarida ishlab chiqarishni to‘liq ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Loyihaning boshlang‘ich qiymati $1 mlnga baholanmoqda.
Natijada elektr golf karalarning old peshona oynalari, bamperlari, old va orqa kuzov qismlari, shassi himoya qopqog‘i, o‘rindiqlari kabi qismlar mahalliylashtiriladi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Global OSB” 2023-yilning noyabr oyida 1 mlrd so‘m ustav kapitali bilan tashkil etilgan.
Kompaniya to‘liq Turkiyaning “Global OSB Proje ve Yonetim Danismanlik Limited” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning direktori — Suhrav G‘ulomov.
Fevral oyi boshida prezident bilan o‘tkazilgan uchrashuvda “BYD” bilan birgalikda elektromobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalari muhokama qilingandi.
Bungacha Shavkat Mirziyoyev Xitoy kompaniyasi bilan ishlab chiqarishni yiliga 500 mingtaga yetkazish yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonga tez tibbiy yordam uchun elektromobillar yetkazib berish bo‘yicha $150 mlnlik loyihani amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.