AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) O‘zbekiston fuqarosi va kompaniyasiga qarshi sanksiyalarni joriy qildi.
SDN ro‘yxatiga “Avangard Bank”, “Mechel” tog‘-kon kompaniyasi, Sibir ko‘mir energetika kompaniyasi, “PIK” rivojlanish guruhi, Quvur metallurgiya kompaniyasi va Milliy to‘lov kartalari tizimi — Rossiya “Mir” to‘lov tizimining operatori kiradi.
Cheklovlar shuningdek, “SPB Bank”, “Bystrobank”, “Morskoy Bank”, Xalqaro moliya klubi, “Ijkombank”, “Chelindbank”, “RostFinance”, avtomobil ishlab chiqaruvchi “AURUS”, “Geopromining”, “Elbrus Capital”, Rosgeologiya, “NOVATEK-Murmansk”, “Yujuralzoloto” va benefitsiar Konstantin Strukovni o‘z ichiga oldi.
AQSh Moliya vazirligi asli o‘zbekistonlik, Rossiya kichik energetika assotsiatsiyasi prezidenti, BAAdagi “Business Russia” savdo uyi direktori Maksim Zagornovga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.
Bundan tashqari, Amerika sanksiyalari Dubayda joylashgan “Polar Star Logistics” transport kompaniyasiga ta’sir ko‘rsatdi. BAA kompaniyasining vakolatxonasi Toshkent shahrida Amir Temur ko‘chasi, 88A-uyda joylashgan bo‘lib, dunyoning 165ta davlatiga turli tovarlar, jumladan, xavfli yuklarni yetkazib berish bo‘yicha logistika xizmatlarini ko‘rsatadi.
Rossiya manfaatlariga qaratilgan faoliyat uchun AQSh Savdo vazirligi 93ta kompaniyaga nisbatan eksport cheklovlarini joriy qildi. Ulardan 63tasi Rossiya kompaniyalari hisoblanadi.
Keyingi o‘rinlarda Xitoydan 8ta, Turkiyadan 6ta, BAAdan 4ta, Qirg‘izistondan 2dan, Hindiston va Janubiy Koreyadan bittadan korxona turibdi.