Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bu yil “yoshlar balansi” bo‘yicha 925 ming yigit-qizning bandligini ta’minlash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, kollej, texnikum va oliy o‘quv yurtlarini 300 ming yosh bitiradi. Ularni ishga joylashtirish, kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish muhokama qilindi.
Yoshlarning biznes bilan shug‘ullanishiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi aytildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40%i shunga yo‘naltiriladi. “Yosh tadbirkor” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.
Mutasaddilar yangi sanoat loyihalarida 100 ming, xizmatlar sohasida 150 ming, ish o‘rinlarini legallashitirish va o‘zini o‘zi band qilish orqali 200 ming nafar yigit-qiz bandligini ta’minlash to‘g‘risida axborot berdi.
Bu yil IT-sohasida 70 ming yoshni band qilish rejalashtirilgan. Buning uchun qobiliyatli yigit-qizlarni aniqlab, IT-kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishiga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlanib, hokimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 1 mln nafar o‘g‘il-qiz xorijiy tillarga bepul o‘qitiladi. Maktablardagi bo‘sh sinf xonalari chet tili repetitorlari va o‘quv markazlari uchun bepul ijaraga beriladi.
Qishloq joylardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan 100ta xususiy o‘quv markazining ijara xarajatlari 6 oygacha kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, xususiy kurslarda o‘qib, “C1” sertifikatini olgan yoshlarga o‘qish xarajatlari, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari bo‘yicha esa “B2” darajasi sertifikatini olish xarajatlari qoplab beriladi.
Shu bilan birga, joriy yil sertifikat olishdagi imtihon xarajati bilan birga, olti oylik o‘qish puli ham to‘lab beriladi.
“Ustoz” loyihasi doirasida 250 ming nafar yoshlar 30ta kasbga o‘rgatiladi. Oldingi yillarda aholi bandligini ta’minlash uchun 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, dehqonchilik uchun odamlarga bo‘lib berilgandi.
Bu yil yana 60,5 ming gektar yer yoshlarga ajratiladi. Bundan samarali foydalanish uchun yangi tartib o‘rnatilishi qayd etildi. Unga ko‘ra, tuman hokimlari yerni suv ta’minoti yaxshi joydan ajratishga mas’ul bo‘ladi.
Har bir yoshga qancha maydon ajratish bo‘yicha “mahalla yettiligi” taklif beradi. Yer olgan yoshlar “Agrobank"ning “Fermerlar maktabi"da hosildor eksportbop ekinlar yetishtirishga o‘qitiladi.
Mini-texnika, urug‘ va ko‘chatlar sotib olishga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hamda Fermerlar jamg‘armasidan subsidiya ajratiladi. Meva-sabzavot kooperatsiyalariga banklar orqali 2 mlrd so‘mgacha kredit beriladi.
Shuningdek, dehqon yoshlarga eksportchi va qayta ishlovchi tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi.
Prezident farmoni bilan IT-sohasidagi xotin-qizlarga ham Zulfiya mukofoti berilishi belgilandi. 1-martdan xalqaro IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplab berish miqdori oshiriladi.
Bunda yoshlarga IT-sertifikat xarajatlarining 60%gacha qismi, agar ingliz tilidan sertifikat mavjud bo‘lsa, 100%i qoplab beriladi. Avvalroq davlat bu bo‘yicha to‘lovlar miqdorini oshirishga farmoyish bergandi.
Mahalliy IT-kompaniyalarni xalqaro bozorga olib chiqishga qaratilgan loyiha amalga oshiriladi. “Raqamli inklyuzivlik” loyihasi doirasida 25 ming nafar yoshlar, ayollar hamda nogironligi bo‘lganlarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.