Avvalroq Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan 39ta turoperator faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishni so‘ragani haqida xabar berilgandi.

Turizm qo‘mitasi ayrim turoperatorlarning Umra safarini amalga oshirish uchun litsenziyalarini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.

Holat yuzasidan turistik korxonalar tahlil qilinganida, Transport prokuraturasi xati “Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi parvozlarining kechikishi natijasida moddiy va ma’naviy jabr ko‘rgan fuqarolardan olingan ma’lumotlar asosida yuborilganligi ma’lum bo‘ldi.

Unda keltirilgan dastlabki turistik korxonalar haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun qo‘mitasi tomonidan Transport prokuraturasiga mutaxassis ajratildi.

Hozir Transport prokuraturasi bilan jinoyat ishiga aloqador turoperatorlarning STIRiga aniqlik kiritilmoqda. Jarayon yakunlangach, ularning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatib turiladi.

Mazkur turfirmalarning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kompaniyalar “Panorama Airways” bilan 3 931 nafar o‘zbekistonlikni Saudiya Arabistoniga olib borib, qaytarib kelmagan hamda ko‘p miqdordagi pullarini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

Quyida faoliyati to‘xtatilishi mumkin bo‘lgan turfirmalar ro‘yxati keltirilgan:

  1. “Gulbakhor Airways”.
  2. “Mabrur Tur”.
  3. “Ravza Tur”.
  4. “Ramazon Travel”.
  5. “Fayz Turizm”.
  6. “Hizmat Travel”.
  7. “Toyib Tur”.
  8. “Ark Tur”.
  9. “Zaytun Travel”.
  10. “Maxbub Tour”.
  11. “Muhtasham Travel”.
  12. “Marjon Tur”.
  13. “Ixsan Travel”.
  14. “Exrom Tur”.
  15. “Madinax”.
  16. "Di Travel".
  17. “Risola Travel”.
  18. “Maroqand”.
  19. "Hiro Tur".
  20. “Najot Tour”.
  21. “Labbaik Travel”.
  22. “City Gloud”.
  23. “Ajva”.
  24. "Global Tur".
  25. “Osiyo Tur”.
  26. “Brend Tur”.
  27. “Qibla Travel”.
  28. “Musaffo”.
  29. "Ummat uchun".
  30. “Sayyor Sayohat”.
  31. “Maya Tur”.
  32. “Sulton Travel”.
  33. “Musaffirun.
  34. "Air Fayz”.
  35. “Mubin Tur”.
  36. “Road Silk”.
  37. “Ziyo Tur”.
  38. “Makon Yunayted”.
  39. “Mahdiy Travel”.

Fevral oyi boshida fuqarolarning “Panorama airways” tomonidan parvozlarning kechikishi sabab “Umra” safaridan qayta olmayotganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Aviakompaniya parvozlar jadvali va umumiy operatsiyalar sezilarli darajada ishdan chiqqanini ma’lum qildi. 2−4 fevral kunlari esa 3 mingdan ortiq fuqarolar O‘zbekistonga qaytarilgan.


2023-yilning avgustida Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, mazkur xizmatlar faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Oktabrdan mazkur xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Noyabrga kelib esa qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari qo‘llanila boshlandi.

Shuningdek, Turizm qo‘mitasi Umra tadbirlarini amalga oshirishga ruxsat berilgan litsenziyaga ega turoperatorlar ro‘yxatini e’lon qildi.