Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi noturar joy binosi kimoshdi savdosiga qo‘yildi,. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.
Muassasa Universitet ko‘chasidagi Talabalar shaharchasida, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti binolari ro‘parasida joylashgan. Tavsifga ko‘ra, bu yerda yoshlar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uch qavatli bino 2018-yilda qurilgan bo‘lib, uning maydoni 3431 kvadrat metrni, shundan 2621 kvadrat metr foydalidir.
Majmuada barcha kommunikatsiyalar — elektr, gaz, suv va kanalizatsiya bor. Sotuvchi — “Xalq banki”.
Lotning boshlang‘ich narxi 27,9 mlrd so‘m, zakalat puli esa 279 mln so‘mni tashkil etadi.
Auksion 25-mart kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi, arizalar shu kuni ertalab soat 09:00 dan kechiktirmay qabul qilinadi.
Avvalroq “Spot” “Malika” majmuasi hududida joylashgan yer uchastkasi auksionga qo‘yilgani haqida yozgandi.
Sobiq bolalar bog‘chasi joylashgan uchastkaning umumiy maydoni 0,36 gektarni tashkil etadi. Lotning boshlang‘ich bahosi — 17,3 mlrd so‘m.