Avvalroq prezident tomonidan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi farmon qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, OTMlarda yo‘naltirilgan amaliyotga mutaxassislarni tayyorlash muddatlari va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni qayta ko‘rib chiqilib, ta’lim dasturlari dunyo universitetlari asosida takomillashtiriladi.
Joriy yilning iyuligacha bakalavriatdagi ta’lim tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, mazmun jihatidan yaqin yo‘nalishlarni birlashtirish va mehnat bozori talablariga moslashtirish belgilandi.
Bunda buxgalteriya, logistika, marketing, IT, dizayn, turizm kabi yo‘nalishlarda o‘qish muddati qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, bio-muhandislik, nano-texnologiya, ІT-injiniring, urbanistika, yashil energetika kabi yangi mutaxassisliklarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanganligini maxsus platforma orqali doimiy onlayn monitoring qilish takomillashtiriladi.
Top-500ga kiradigan xorijiy OTMlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi. Qo‘shma ta’lim dasturi (ikki diplomli tizim) asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha xorijiy universitetlar bilan kelishiladi.
Joriy yilning oktabrigacha hamkor universitetlar bilan 10ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
OTMlarni Top-1000ta oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritish uchun ilmiy pedagogik faoliyat ko‘rsatkichlarining xalqaro reyting agentliklari talablariga muvofiqligi tahlil qilinadi. Reyting agentliklari ekspertlari bilan mamlakat oliy ta’lim tashkilotlari reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha master-klass, treninglar tashkil etiladi.
Ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish borasida xalqaro tashkilotlar bilan ta’lim dasturlarini baholash maqsadida shartnomalar tuziladi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, akkreditatsiya xulosalari asosida ular faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi
Nodavlat va mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga kunduzgi ta’lim shakli uchun davlat buyurtmasi qabul parametrlari oshiriladi.
Aprelgacha qabul parametrlari tahlil qilinadi, maygacha esa davlat granti asosida kadrlar tayyorlash o‘rnini 1200taga yetkazish (20%ga oshirish) bo‘yicha takliflar shakllantiriladi.
Avvalroq davlat rahbari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqishni topshirgandi. Ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlari belgilanadi.
Bundan tashqari, bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40%ga qisqartirish, bu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.
Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent Moliya instituti va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal instituti birlashtirildi. Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Teshabayev Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori etib tayinlandi.