Prezident qarori bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritildi.
Zargarlik sanoatini rivojlantirishda qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan prezident qaroriga tegishli qo‘shimchalar kiritilib, qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotib olish imkoniyatidan foydalanilgan har bir kun uchun foizlar hisoblash tartibi joriy qilindi.
Bunda 30 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar uchun foiz hisoblanmaydi. 31 kundan 180 kungacha esa Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi.
Shuningdek, prezidentning tegishli qarori bilan, qimmatbaho metallarni birja orqali chegirma asosida sotib oluvchi tadbirkorlar uchun yangi tartib joriy qilindi.
Bunda yaratilgan ish o‘rinlarining kamida 70%ini zargarlik va qimmatbaho metall buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ishchilar tashkil etishi kerak.
Ishga qabul qilingan xodimlarga kamida 6 oy davomida ish haqi hisoblanishi va soliq organlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi zarur.
Shuningdek, tadbirkorlar zarur moddiy-texnika bazasi, uskunalar va boshqa texnika vositalari, ishlab chiqarish maydonlari hamda sharoitlarga ega bo‘lishi kerak.
2023-yilning dekabrida prezident tilla buyumlar savdosini oshirish maqsadida joriy yilda yangi zargarlik komplekslarini har bir hududda tashkil qilish muhimligini ta’kidlagandi. Ulardagi do‘kon va rastalar, zargarlik uskunalari 7 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.