Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekneftgaz"ga qarashli AYoQShlarda AI-80 markali benzin narxi 7 ming so‘mga yetgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Kompaniya 26-fevraldan narxlar oshganini “Gazeta.uz"ga tasdiqlab, buning sabablari tez orada e’lon qilinishi qayd etilgan.
25-fevral kuni elektr stansiyalar orqali 241,9 mln kVt/soat, rejadagiga nisbatan 4% ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 43,6 mln kubometr tabiiy gaz, 17,2 ming tonna ko‘mir hamda 11,1 ming tonna mazut yoqildi.
Turkmanistondan 22,2 mln kVt/soat elektr energiyasi import qilindi. Iste’molchilarga 235,9 mln kVt/soat, rejadagiga nisbatan 5% ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.
Barcha hududlardagi AGTKShlarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda. 18-fevraldan ular faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilgandi. 22-fevraldan bosqichma-bosqich olina boshlandi.
Mamlakatdagi 609ta shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar hamda jamoat transportlarining barcha turlariga 3 mln 899 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berildi.
25-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” tomonidan barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 1 073 tonna avtobenzin yetib berildi. 22-fevral kuni yetkazib berilgan hajm 4 332 tonnani tashkil etgandi.
2022-yilning 13-dekabridan mamlakatda AI-80 rusumli benzinni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish uchun aksiz solig‘i nolga tenglashtirildi. Mazkur tartib mamlakatda metan “zapravka"larda kuzatilgan mahsulot yetishmovchiligi va unga talabning oshishi fonida joriy etildi va 1-martgacha qilib belgilandi.
Undan keyin, prezident qarori bilan iste’molchilar talabini qondirish hamda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida mazkur muddat 2023-yilning 31-dekabrigacha uzaytirildi. Joriy yil boshidan “UNG Petro” AYoQShlarida AI-80 benzini 6 800 so‘mdan sotila boshlandi.
O‘zbekiston 2026-yilgacha Ai-80 benzin ishlab chiqarishdan voz kechishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqarishni to‘xtatish elektromobillarni ommalashtirish, AI-92 benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish va boshqa chora-tadbirlar hisobiga amalga oshiriladi.