Termiz shahrida dasturiy xizmatlarni eksport qiluvchi va masofadan turib IT-xizmatlari ko‘rsatuvchi BPO markazi ochildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Markazda masofaviy IT-xizmatlarni ko‘rsatuvchi 3ta kompaniya — “UniCall”, “Maab Innovation” va “Moonboys” kompaniyalari joylashgan.
Hozir 240 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi. Kelgusida 1 ming nafar yoshlarni IT-sohasida o‘qitish orqali yuqori daromadli ish bilan ta’minlash belgilangan.
“UniCall” kompaniyasi joriy yilda $800 minglik dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksportini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov markaz faoliyatini samarali olib borish, xizmatlar va mahsulotlar turlarini kengaytirish hamda ko‘proq yoshlarni ish bilan qamrab olish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Avvalroq hududlarga IT-eksportchi tashkilotlarni jalb qilishga qaratilgan “Zero Risk” dasturini qo‘llash taklif etilgandi. Unda ishtirok etuvchi korxonalarga “IT Park” tavsiyanomasi asosida bo‘sh turgan davlat binolari 1 yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi.
“IT Park” tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning BPO bo‘yicha dunyo va O‘zbekiston tajribasi haqidagi maqolasini e’lon qilgandi.