Joriy yilning yanvarida O‘zbekistonga 1 594ta elektromobil import qilingan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.

Bir oyda mamlakatga yetkazilgan elektromobillarning umumiy qiymayti $44,3 mlnni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan import hajmi 3 baravarga oshgan.

Xitoy eng ko‘p elektromobil olib kelingan davlat sifatida yetakchilik qilmoqda. O‘tgan oyda mamlakatdan jami 1577ta elektromobil olib kelinib, jami hajmning 99%ini tashkil etdi.

Undan keyingi o‘rinda 8 dona elektr avtomobil bilan BAA turibdi. Shuningdek, boshqa davlatlardan 9 dona elektromobil xarid qilingan.

So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 10 barobar ko‘paygan. 2023-yilda import qilingan avtomobillarning 35%i yoki qariyb 25 mingtasini elektromobil va gibridlar tashkil qilgan.

2023-yilning 10 oyi davomida xorijning 19ta davlatidan qiymati $582,3 mlnlik 22 492ta elektromobil olib kelingan. Xitoy eng ko‘p elektromobil import qilingan mamlakat sifatida yetakchilikni saqlab qoldi — 20 642ta.

O‘tgan yili mamlakatda yengil elektromobillar savdosi 4,3 barobarga oshib, 25,7 ming donani tashkil etdi. Dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev elektromobillarni ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Joriy yilda zavod ishga tushirilib, 10 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Yanvarda aholining elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy etilishi haqida ma’lum qilindi. Bunda “Yashil energetika"ni qo‘llab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsad qilingan.

O‘zbekiston elektromobil ishlab chiqarishni yiliga 500 mingtaga yetkazishi mumkin. Prezident “BYD” bilan hamkorlikda butlovchi qismlarni o‘zlashtirish zarurligini ta’kidlagandi. Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi belgilandi.

Joriy yilgi davlat dasturida mamlakatda Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan gibrid va elektr avtomobillar, Janubiy Koreyaning “KIA” brendi ostida esa avtomobillar ishlab chiqarishni to‘liq siklda yo‘lga qo‘yish belgilangan.