Avvalroq prezidentning tegishli farmoni bilan Soliq kodeksining 227−1-moddasiga asosan tadbirkorlarga qo‘llanilgan jarima miqdorining 98%i hisobdan chiqarilgandi.
Mazkur modda bilan huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilsa, oxirgi choraklik sof tushumning 2%i miqdorida jarima solinadi. Avval sof tushumning 100%i miqdorida jarima solingan.
Bir yilda takror amalga oshirilgan huquqbuzarlik uchun jarima miqdori sof tushumning 20%ini tashkil etadi.
2022-yilning 13-iyunidan bugungi kungacha mazkur modda asosida jami 1,5 ming nafar tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanilgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova ma’lum qildi.
Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, qo‘llanilgan jarima miqdori 694 mlrd so‘mni tashkil etib, shundan 39 mlrd so‘mi undirilgan.
Farmon kuchga kirgungacha fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar bo‘yicha mavjud qarzdorlikning 98%i hisobdan chiqariladi. Qarzdorlikni undirish bo‘yicha sud va ijro ishlari tugatiladi. Undirilgan jarima summalarining 98%i kelgusi to‘lovlar hisobiga o‘tkaziladi.
Soliq kodeksiga farmon asosida o‘zgartirishlar kiritilgungacha yuqoridagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar va ma’muriy jazo choralari qo‘llanilmaydi.
227−1-moddasida quyidagi talablar ko‘rib chiqiladi:
- fiskal belgilar yoki avtomatlashtirilgan o‘lchash asboblari bilan jihozlarni ko‘rsatish;
- soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash;
- ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya qilish yo‘li bilan majburiy raqamli markalash qoidalarini buzish.
Ushbu talablarning buzilishi oxirgi chorakda olingan sof daromadga teng jarimaga olib keladi.
227/1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yilning 11-martida kiritilgan va tasdiqlanganidan keyin uch oy o‘tib, 13-iyundan kuchga kirdi. Soliq qo‘mitasining “Spot"ga xabar berishicha, o‘tgan yili mazkur modda bo‘yicha 254ta, joriy yilda esa 1083ta korxona jarimaga tortilgan.
Bugungi kunda alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, suv va ichimliklar, dori-darmon, maishiy texnika, 2024-yilning 1-aprelidan esa gazlangan ichimliklar majburiy markirovka qilinishi shart. Mazkur me’yorlar umumiy ovqatlanish sektoriga, chakana va ulgurji savdoga, shuningdek, ishlab chiqaruvchilarga taalluqli.
O‘tgan yil oxirida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev 227/1-moddasiga asosan 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish (amnistiya)ni hamda jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.
13-fevral kuni savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tadbirkorlari bilan uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Soliq kodeksining 227/1-moddasi bo‘yicha to‘liq masala hukumat darajasida yechilganini, yaqin kunlarda yaxshi xabarlar bo‘lishini qayd etdi.
Avvalroq “Spot” Soliq kodeksining biznesni “o‘ldiruvchi” 227−1-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida umumiy ovqatlanish sohasi vakillari munosabatini e’lon qilgandi.