O‘zbekiston delegatsiyasi Polshaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Xususan, Mazoviyaga safar davomida “Fruit family” korxonasi rahbari Yeji Grzib bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya hozirgi kunda 50 dan ortiq davlatlarga, jumladan O‘zbekistonga olma va boshqa meva mahsulotlarini eksport qilmoqda.

Muzokaralar natijasida “Fruit family” bilan Toshkent viloyati Ohangaron tumanida intensiv bog‘ tashkil qilish va olmani qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.

“Bank Pekao S.A.” banki departament direktori Dmitriy Kushnerov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda esa Toshkent viloyatida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Polyak tomoni qurilish loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirish masalalarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari, shuningdek, Polshada logistika, IT, savdo, elektrotexnika, oziq-ovqat va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan 10 dan ortiq o‘zbek tadbirkorlari bilan uchrashdi.

Unda manfaatli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish va Polshaga milliy mahsulotlarning eksport hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda olma narxi ketma-ket ikkinchi hafta pasayishda davom etayotgani haqida yozgandi.